Joriy yilning 16-18 aprel kunlari mamlakatimiz Sog‘liqni saqlash vazirligi hamda qator vazirlik va agentliklarning ko‘magida “O‘zekspomarkaz” markaziy ko‘rgazmalar majmuida “Sog‘liqni saqlash – TIHE 2024” 28-Toshkent xalqaro tibbiyot ko‘rgazmasi ish boshladi.

Ushbu tadbir O‘zbekiston tibbiyot jamoatchiligi uchun ham muhim voqea hisoblanadi. Bu davolash, kasalliklar profilaktikasi va reabilitatsiyasi uchun zamonaviy tibbiy asbob-uskunalar va texnologiyalar namoyish etiladigan nufuzli professional platformadir.

– Bizning laproskopik apparatlarimiz 4K tizimida aniq ishlaydi. Yuqori aniqlikdagi hirrurgik uskunalarimiz bemorni kesmasdan davolash imkonini beradi, – deydi Qozon shahridagi Sog‘liqni saqlash muassasasi muhandisi Sergey Sheshegov. – Bizning kompaniya ushbu tibbiyot bozorida 30-yildan buyon faoliyat yuritib kelmoqda. Kompaniyamiz har qanday turdagi laproskopik va endoskopik uskunalarni yetkazib berishga tayyor.

Salkam 30-yildan buyon tashkil etib kelinayotgan ushbu ko‘rgazma yildan yilga nufuzi va qamrovi oshib bormoqda. E’tiborlisi, “O‘zekspomarkaz”ning 4ta paviloni tibbiyot sohasidagi eng so‘nggi turdagi uskunalar va jihozlar, ilg‘or davolash va diagnostika usullari, taqdim etilayotgan zamonaviy xizmatlar bilan sohadagi barcha yo‘nalishlarni qamrab oldi.

– Bizning korxona Xitoyda joylashgan. 60-70 nafar mutaxassis ishlaydigan yirik quvvat hisoblanadi.  Men bu ko‘rgazmada ilk bor ishtirok etmoqdaman. Asosiy maqsadimiz hamkorlar topish va talabga qarab mahsulot ishlab chiqarishdir, – deydi xitoylik tadbirkor Liyli Pan.

– Ushbu ko‘rgazmada 20dan ortiq eng yaxshi klinikalarimizning xizmatlari taqdim etilgan, – deydi Rossiyaning Volgograd viloyati Sog‘liqni saqlash qo‘mitasi raisi o‘rinbosari Viktoriya Troneva. – 37 yo‘nalishda tibbiy xizmatlar ko‘rsatamiz. Bu akusherlik, onkologiya, stomatologiya, bolalar reabilitatsiyasi, travmatologiya. Ushbu muassasalarimiz tibbiyot turizmini rivojlantirish loyihasida ishtirok etadi. Bizning tibbiyot keyingi yillarda to‘liq modernizatsiya qilindi va onkologik klinikamiz Rossiyaning eng yetakchilaridan biri hisoblanadi. Bu yo‘nalishda barcha xizmatlarni ko‘rsatadi va biz o‘zbekistonliklarga ularni taqdim etishga tayyormiz.

Ko‘rgazmada 21ta mamlakatdan 310ta kompaniya ishtirok etdi. Ular ichida eng ko‘p qatnashganlari Xitoy, Rossiya, Turkiya, Koreya Respublikasi va Germaniya davlatlari hissasiga to‘g‘ri keladi.

– Bizning kompaniya ko‘rgazmada robotlashtirilgan neyro-uskunani taqdim etdi. Bu ayniqsa insultdan keyin bemorning tez tiklanishiga yordam beradi. Mijoz virtual olamga kirib qoladi va o‘z harakatlarini boshqaradi. Natijada keyinchalik o‘zi harakatlanadi,  – deydi Rossiyaning “Istok-audio” kompaniyasi servis xizmati rahbari Aleksey Batarchuk.

Aytish kerakki bu yilgi ko‘rgazmada asosiy urg‘u mahalliy farmatsevtika sohasida ishlab chiqarishni rivojlantirish va qo‘llab-quvvatlashga, shuningdek, ilg‘or texnologiyalarni joriy qilishga qaratilgan. Ishtirokchilarning yarmidan ko‘pi ilk bor mazkur ko‘rgazmada qatnashmoqda.

3 kun davom etadigan ko‘rgazmada nafaqat kompaniyalar o‘rtasida teng manfaatli shartnomalar imzolanishi, balki, loyihalar taqdimotlari, ilmiy –amaliy seminarlar, sohaning yetuk mutaxassislari ishtirokida mahorat mashg‘ulotlari o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Sanjar Toshpo‘latov, Abror Sodiqov, Ulug‘bek To‘xtayev, O‘zA