Prezident raisligida to‘qimachilik tarmog‘idagi dolzarb masalalar muhokama qilinar ekan, o‘tgan yili tayyor mahsulot eksporti 1,3 milliard dollarni tashkil etgani bilan yuqori qo‘shilgan qiymatli mahsulotlar ulushi yetarli darajada emasligi qayd etildi.
Ya’ni, eksportdagi tayyor mahsulotning asosiy qismi narxi past bo‘lgan trikotaj hisoblanadi.
Mamlakatimizda 1 kilogramm ip-kalavaning tannarxi jahondagi narxlardan o‘rtacha 28 foiz arzon. Bu o‘zimizda tayyor mahsulotni ko‘paytirish uchun juda katta imkoniyat. Shunga qaramay, jami ishlab chiqarishda tayyor mahsulotlar ulushi kutilganidek bo‘lmayotgani ko‘rsatib o‘tildi.
Bizdagi xomashyo bilan kamida 15 milliard dollarlik mahsulot ishlab chiqarish, yana 500 mingta yangi ish o‘rni yaratish uchun mavjud imkoniyatlarni ishga solish muhimligi ta’kidlandi.
O‘zA