Bojxona qo‘mitasida Eron Islom Respublikasining O‘zbekistondagi Favqulodda va muxtor elchisi Muhammadali Iskandariy bilan uchrashuv bo‘lib o‘tdi.

Bojxona qo‘mitasi raisi A.Mavlonov delegatsiya a’zolarini tashrif bilan qutlar ekan, so‘nggi yillarda Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tomonidan O‘zbekiston – Eron o‘rtasidagi ko‘p qirrali hamkorlikni yanada kengaytirishga va yangi pog‘onaga ko‘tarishga qaratilgan faol tashqi siyosat yuritilayotganini alohida qayd etdi.

Xususan, 2023-yil noyabr oyida Toshkentda bo‘lib o‘tgan Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti sammiti tadbirlari doirasida ikki davlat rahbarlarining uchrashuvi O‘zbekiston – Eron munosabatlarini yanada mustahkamlash, savdo, investitsiya, innovatsiya va transport sohalarida amaliy hamkorlikni kengaytirishda muhim ahamiyat kasb etmoqda.

Amalga oshirilayotgan ochiq, o‘zaro manfaatli va konstruktiv hamkorlik natijasida O‘zbekiston – Eron o‘rtasida tashqi savdo aylanmasi so‘nggi bir yilda sezilarli darajada, ya’ni 24 foizga oshdi.

Uchrashuvda tomonlar O‘zbekiston va Eron o‘rtasidagi bojxona sohasi hamkorligining hozirgi holati va istiqbollarini atroflicha muhokama qildi.

Tashrif so‘ngida elchi O‘zbekiston bojxona xizmatini yanada takomillashtirish borasida amalga oshirilgan islohotlar, ayniqsa, sohani raqamlashtirish borasida erishilgan yutuqlarni alohida e’tirof etdi.

Sh.Mamaturopova, O‘zA