Xalqaro futbol olamida mamlakatlarning ichki chempionatlari, nufuzli musobaqalar, futbolchilarning transfer baholari haqidagi turfa ma’lumotlarni chop etib kelayotgan «Transfermarket» sayti ayni kunlarda Qatarda o‘tkazilayotgan Osiyo kubogi bahslarida ishtirok etayotgan 16 ta milliy terma jamoalarning umumiy transfer bahosini e’lon qildi.

E’tiborli jihati, ushbu ro‘yxatda Timur Kapadze bosh murabbiyligidagi O‘zbekiston olimpiya terma jamoasi 15,85 million yevroga baholangan tarzda “Parij-2024” Olimpiya o‘yinlari saralashida qatnashayotgan eng qimmat U23 terma jamoasi sifatida e’tirof etildi.

O‘zbekiston U23 terma jamoasidan keyingi pog‘onalardan joy olgan Yaponiya futbol jamoasi 12,6 million, Janubiy Koreya 9,68 million yevroga baholandi. Shuningdek, yozgi Olimpiya o‘yinlari ishtirokchiligiga da’vogar bo‘lgan Avstraliya 6,68 million, Iordaniya 850 ming yevroga loyiq ko‘rilgan.

Mamlakatimiz futbol jamoasi bilan bir guruhdan joy olgan Malayziya 1,98 million, Quvayt 1,98 million yevro holatida baholangan bo‘lsa, Vetnam U23 terma jamoasining narxi 2,18 million yevro sifatida qayd etilgan.

Eslatib o‘tamiz, O‘zbekiston U23 terma jamoasi ertaga, 17-aprel kuni «D» guruhidagi ilk o‘yinni Malayziya vakillariga qarshi o‘tkazadi.

 

T. Ro‘ziyev, O‘zA