Bu ishda amaldagi Prezident Jo Baydenning qo‘li bor, dedi AQSHning sobiq Prezidenti Donald Tramp Nyu-Yorkda o‘ziga qarshi boshlangan sud jarayoniga munosabat bildirib.
-Mamlakatga nomunosib odam rahbarlik qilmoqda, ushbu ishlarga u aralashgan. Bu siyosiy raqibga qarshi uyushtirilgan hujum. Shu bois sudda ishtirok etish men uchun katta sharaf, — dedi Tramp.
Shu kunlarda Respublikachilar partiyasidan yana bir bor prezidentlikka nomzodini ilgari surgan sobiq davlat rahbariga qarshi ko‘rsatilgan to‘rtta jinoyatning birinchisi bo‘yicha Nyu-York sudida so‘roq jarayonlari boshlangan.
Sudga Trampning shaxsan o‘zi kelgan. Ayni paytda sud uning hujjatlarni rasmiylashtirishda o‘ziga qarshi ishlatiladigan ma’lumotlarni yashirganlikda, qolaversa, aktrisa Stormi Deniels bilan ishqiy munosabatlari bo‘yicha ayblov ishini ko‘rib chiqmoqda.
Amerika ommaviy axborot vositalari Trampga qarshi ayblovlar ro‘yxati anchayin katta ekanini ta’kidlab, bunday holat mamlakat tarixida avval kuzatilmagani, ilk bor sobiq Prezident jinoiy ayblov bilan sud qarshisida turganini yozmoqda. Agar qo‘yilayotgan ayblovlar to‘liq isbotini topsa, Oq uyning sobiq rahbari 136-yilga ozodlikdan mahrum etilishi mumkin. Trampning o‘zi esa aybsizligini, ta’qibga asos yo‘qligini ta’kidlab keladi.
Umuman, siyosatchiga to‘rtta jinoiy ish ochilgan, ularning uchtasi hali sud muhokamasigacha yetib bormagan.
Masalan, Tramp 2020-yilda Atlantada bo‘lib o‘tgan prezidentlik saylovi poygasida yutqazganiga qaramay, natijani o‘z foydasiga hal qilishga uringan. Mayamida yana bir federal ish, ya’ni, Oq uydan maxfiy hujjatlarning olib chiqib ketilishi va ularni prezidentlik vakolati tugagandan keyin yashirgani, davlat sirini oshkor etgani, tergovga to‘sqinlik qilgani ham bor.
Nyu-Yorkda esa Trampga hujjatlarni qalbakilashtirgani, qolaversa, aktrisa Stormi Deniels bilan ishqiy munosabatlari va boshqa harakatlari uchun 34 ta ayblov e’lon qilingan.
Xullas, Prezident saylovida Respublikachilar partiyasidan nomzod sifatida ishtirok etish uchun barcha imkoniyatga ega hisoblangan Tramp to‘rtta jinoiy ish bilan ayblanmoqda. Nyu-Yorkda boshlangan sud jarayoni hali birinchisi ekani hisobga olinadigan bo‘lsa, sobiq Prezident uchun og‘ir kunlar hali oldinda, deyishga asoslar yetarli, zero uni yana uchta jinoiy ish kutib turibdi.
S.Rahimov, O‘zA