Kuni kecha Gruziya parlamenti binosi qarshisida yana odamlar to‘plandi. Bunga mamlakat parlamentida inoagentlar to‘g‘risidagi qonunni qabul qilish masalasi sabab bo‘ldi.
RIA Novostining yozishicha, dushanba kuni parlamentda “Xorijiy ta’sirning shaffofligi to‘g‘risida”gi qonun loyihasini ko‘rib chiqishga kirishilgan. Mazkur qonun “Gruziya orzusi” fraksiyasi tomonidan taqdim etilgan edi.
Dastlab, qonun loyihasini parlamentning yuridik masalalar bo‘yicha qo‘mitasi ko‘rib chiqadi, shundan keyin qonun birinchi o‘qishdan qabul qilinishi uchun navbatdagi yig‘ilish chaqiriladi. Biroq dushanba kuni ertalabdan mazkur qonun qabul qilinishiga qarshi fuqarolar parlament binosi oldida to‘planishgan.
Aksiyada nodavlat tashkilotlar xodimlari, artistlar, siyosatchilar, talaba va mahalliy aholi vakillari borligi aytiladi.
Xorijiy davlatlar agentlari to‘g‘risidagi qonun loyihasi dastlab “Gruziya orzusi” partiyasi tomonidan o‘tgan yil 7-mart kuni Gruziya parlamentiga kiritilgan edi. O‘shanda qonun loyihasi birinchi o‘qishda qabul qilingan. Shundan so‘ng, Tbilisida ommaviy norozilik namoyishlari boshlanib, politsiya ularni ko‘zdan yosh oqizuvchi gaz va suv purkagichlar yordamida tarqatib yuborgan. Ichki ishlar vazirligi ma’lumotlariga ko‘ra, holat yuzasidan 133 kishi qo‘lga olingan. Keyinroq, Gruziya hukumati mazkur qonun loyihasini parlamentdan qaytarib olgandi.
“Gruziya orzusi” partiyasi bahsli qonun loyihasini 3-aprel kuni qaytadan qonunchilik palatasiga taqdim etdi. Bu safar “xorijiy ta’sir agenti” atamasi o‘rniga “xorijiy kuch manfaatlarini ko‘zlaydigan tashkilot” tushunchasi qo‘llaniladi. Qolgan tarkib o‘zgarishsiz qoladi. Bundan tashqari, “xorijiy kuchlar manfaatlarini” ko‘zlayotgan barcha tashkilotlar davlat reestrida ro‘yxatga olinishi kerak bo‘ladi.
Norozilik bildirayotgan fuqarolarning aytishicha, ushbu qonun loyihasi Rossiyada qabul qilingan qonun bilan bir xil, shu bois ular hujjatni qaytarib olishni talab qilmoqda.
Hatto, mazkur qonun loyihasi ustidan parlamentda deputatlar orasida mushtlashuv sodir etilgani parlament saytida namoyish qilindi.
-Biz ushbu qonunning qabul qilinishiga yo‘l qo‘ymasligimiz kerak. Kimda-kim Gruziyani yaxshi ko‘rsa, ko‘chaga chiqsin”, — deb bayonot bergan muxolifatdagi “Fuqarolar” partiyasi yetakchisi Aleko Elisashvili voqeadan so‘ng jurnalistlar bilan uchrashuvda.
Gruziya Ichki ishlar vazirligi namoyishchilarga politsiyaga qarshilik ko‘rsatmaslikka chaqirdi va aks holda kuch ishlatishi haqida ogohlantirgan.
Mazkur qonunning qabul qilinishiga Gruziya Prezidenti Salome Zurabishvili ham qarshi ekanini bildirdi. Prezident o‘zining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida “Xorijiy agentliklar to‘g‘risida”gi qonunga qarshi namoyishlarni qo‘llab-quvvatlab, “Tbilisida fuqarolik jamiyatining tinch ommaviy namoyishi… Gruziya taslim bo‘lmaydi!”, deb yozdi.
Voqealar rivoji qanday kechadi, hozircha noma’lum. Biroq so‘nggi xabarlarga qaraganda, parlamentning yuridik masalalar bo‘yicha qo‘mitasi dushanba kuni kechqurun qonun loyihasini birinchi o‘qishda qo‘llab-quvvatlagani aytilmoqda.
S.Rahimov,
O‘zA