Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart To‘qayev 13-14-iyun kunlari bo‘lib o‘tishi rejalashtirilgan “Ostona” xalqaro forumini 2025-yilga ko‘chirganini ma’lum qildi.

“Qozog‘istonda yuz bergan toshqin va keng ko‘lamdagi vayronagarchilik oqibatlarini bartaraf etish hamda mamlakat fuqarolariga yordam ko‘rsatish maqsadida moliyaviy mablag‘larni iqtisod qilish zaruriyatidan kelib chiqib, men “Ostona” xalqaro forumini o‘tkazishni bekor qilish to‘g‘risida qaror qabul qildim, — deb yozadi janob To‘qayev o‘zining X ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida. “Umid qilamanki, tadbirga taklif etilgan ishtirokchilar bu qarorimni to‘g‘ri tushunadi” – deydi To‘qayev.

Eslatib o‘tamiz, xalqaro forum 13-14-iyun kunlari respublika poytaxtida Qozog‘iston Prezidenti rahbarligida bo‘lib o‘tishi kerak edi. Forumda ishtirokchilar tashqi siyosat va xalqaro xavfsizlik, xalqaro rivojlanish va barqarorlik, energetika va iqlim o‘zgarishi, iqtisodiyot va moliya kabi yo‘nalishlarni muhokama qilishlari kutilayotgan edi.

Respublika FVV xabar qilishicha, Qozog‘istonda toshqin zonalaridan 102 ming 328 nafar kishi evakuatsiya qilingan. 10 ming 120 nafar kishi uyga qaytgan. 6 757 nafar kishi vaqtinchalik joylashtirish markazlariga joylashtirilgan.

Aziza Alimova tayyorladi,

O‘zA