Kutilganidek, Isroil Damashqdagi Eron konsulligiga bergan zarbasidan keyin 14-aprelga o‘tar kechasi Tehron bunga javoban dronlar hujumini amalga oshirdi. Xususan, Eron bu harakatni biror guruh yoki tashkilot qo‘li bilan emas, o‘z hududidan turib amalga oshirdi.
“The New York Times” nashri 5 soatga yaqin davom etgan hujumda Eron Isroil tomonga 185 ta dron, 146 ta turli xildagi uchuvchisiz harakatlanadigan qurilmalarni uchirganini yozib chiqdi. Isroil tomoni katta talofat ko‘rmagani va raketalar urib tushirilganini aytayotgan bo‘lsa, rasmiy Tehron buni “muvaffaqiyatli hujum” deb baholagan. Hujumni qaytarishda Patriot tizimlaridan foydalanilgani ma’lum. Ushbu voqea sabab Yaqin Sharqdagi havo sarhadlari vaqtincha yopilib, aviareyslar to‘xtatilgan.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Eronning javob zarbasidan so‘ng Isroil “Hizbulloh”ning qurol ishlab chiqaruvchi zavodiga hujum uyushtirgan.
– Isroilga qarshi operatsiya yakunlandi, -dedi Eron Qurolli Kuchlari Bosh shtabi rahbari o‘z bayonotida. – Eron uni davom ettirishni rejalashtirmayapti. Agar sionistik rejim Eron hududi, shuningdek, Suriyadagi yoki boshqa davlatlardagi Eron markazlariga qarshi qandaydir chora ko‘rsa, keyingi amaliyotimiz bundanda qattiqroq va kengroq tus oladi.
Qo‘shma Shtatlar nashrlari Pentagon rahbari Lloyd Ostinga tayanib yozishicha, Vashington Tehron bilan o‘zaro ziddiyat qidirmayotganini yozmoqda. Yevropa Ittifoqi ham Eronning javob zarbalaridan so‘ng ikki tomonni bosiqlikka chaqirgan va keskinlik mintaqada avj olib ketishidan xavotirda. 14-aprel kuni Bayden va Netanyahuning telefondagi suhbatidan keyin Isroil rahbari ham javob zarbasini berish qaroridan qaytganligini “The New York Times” gazetasi yozib chiqdi. Lekin oxirgi ma’lumotlarga ko‘ra, Isroil generali Gans Eronga qarshi hujum amalga oshirishga va’da bergan.
Mintaqadagi qarama-qarshilikdan so‘ng Birlashgan Millatlar Tashkiloti shoshilinch yig‘ilish o‘tkazib, tomonlarni bosiqlikka chaqirmoqda.
Sardorbek Poyonov, Asliddin Alijonov, Ulug‘bek To‘xtayev (video), O‘zA.