O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 15-aprel kuni Markaziy Osiyo mamlakatlari va Ko‘rfaz arab davlatlari tashqi siyosiy idoralari rahbarlarining uchrashuvida ishtirok etayotgan Kuvayt Davlati tashqi ishlar vaziri Abdulla al-Yahyo boshchiligidagi delegatsiyani qabul qildi.
Yuqori martabali mehmon O‘zbekiston yetakchisiga Kuvayt Amiri shayx Mish’al as-Sabohning samimiy salomi va tilaklarini yetkazdi.
Ikki mamlakat o‘rtasidagi konstruktiv siyosiy muloqotni davom ettirish, savdo-iqtisodiy, moliya-investitsiyaviy va gumanitar hamkorlikni yanada kengaytirish masalalari ko‘rib chiqildi.
O‘zaro tashriflarni faollashtirish, madaniy va turizm almashinuvlariga oid dasturlarni amalga oshirish, yetakchi kompaniyalar ishtirokida, shu jumladan Kuvayt arab iqtisodiy taraqqiyot fondi bilan yaqin hamkorlik doirasida hamda Kuvayt investitsiya agentligi bilan samarali sheriklikni yo‘lga qo‘yish orqali ustuvor tarmoqlardagi investitsiya loyihalarini ilgari surish zarurligi qayd etildi.
Yaqin fursatda ikki tomonlama siyosiy maslahatlashuvlar, qo‘shma Hukumatlararo komissiyaning birinchi yig‘ilishi va biznes forumini o‘tkazish muhim ekani ta’kidlandi.
Mintaqaviy ahamiyatga molik dolzarb masalalar yuzasidan ham fikr almashildi.