Yurtimizda mehmon bo‘lib turgan Ummon Sultonligi tashqi ishlar vaziri Badr bin Xamad al-Busaidi boshchiligidagi delegatsiya Samarqandga keldi.

Mehmonlarni Samarqand xalqaro aeroportida viloyat hokimi Erkinjon Turdimov va boshqa rasmiylar kutib oldi.

Ummon Sultonligi tashqi ishlar vaziri dastlab buyuk muhaddis Imom Buxoriy majmuasini ziyorat qildi. Ayni paytda bu yerda amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlariga yuksak baho berdi.

Mehmonlar Imom Buxoriy xalqaro ilmiy-tadqiqot markazi faoliyati bilan tanishdi. Mehmonlarga markazda buyuk muhaddis va allomalar merosini o‘rganish bo‘yicha olib borilayotgan ilmiy- tadqiqot ishlari to‘g‘risida ma’lumot berildi.

Delegatsiya a’zolari Registon maydonidagi ulug‘vor madrasalar, bu yerda namoyish etilgan milliy hunarmandlik mahsulotlari va xattotlik san’ati namunalarini katta qiziqish bilan tomosha qildi.

— Samarqandga ilk tashrifimiz taassurotlarga boy bo‘ldi,– dedi Ummon Sultonligi tashqi ishlar vaziri Badr bin Xamad al-Busaidi.– Ayniqsa, ulug‘ muhaddis Imom Buxoriy qabrini ziyorat qilish biz uchun ulkan sharaf. Ushbu majmua yaqin orada Islom olamining eng qutlug‘ ziyoratgohlaridan biriga aylanishi, shubhasiz.

G‘. Hasanov, A. Isroilov (surat), O‘zA muxbirlari