O‘zbekiston, Qozog‘iston, Qirg‘iziston va Tojikistondan kelgan yosh dzyudochilar poytaxtimizdagi “Universal” sport saroyida Uchqun Murodov xotirasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan Osiyo ochiq kubogida o‘zaro raqobatlashdi.

Musobaqaning so‘nggi kunida Arslonbek Qodirov, Shahzodxo‘ja Sharipov, Muhammadsodiq Sodiqov, Tuygul Hamroyeva, Shirinjon Yo‘ldosheva hamda Mohlaroyim To‘xtamisheva kabi polvonlarimiz shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy oldi. Shu tariqa yoshlar terma jamoamiz umumjamoa hisobida 13 ta oltin, 8 ta kumush, 26 ta bronza, jami 47 ta medal jamg‘argan holda birinchi o‘rinni egalladi.

Eslatib o‘tamiz, musobaqaning o‘smirlar o‘rtasidagi bellashuvlarida terma jamoamiz a’zolari 16 ta oltin, 10 ta kumush va 24 ta bronza, jami 50 ta medal jamg‘argan edi.

Uchqun Murodov xotirasiga bag‘ishlab o‘tkazilgan Osiyo ochiq kubogida o‘smirlar va yoshlar terma jamoamiz jami 97 medalni qo‘lga kiritdi.

 

Javohir Toshxo‘jayev,  

O‘zA