Rossiyaning Samara shahrida stol tennisi bo‘yicha ayollardan tarkib topgan jamoalar o‘rtasidagi mamlakat chempionati Oliy ligasida so‘nggi 4-tur o‘yinlari yakunlandi.

Unda Toshkent viloyatining “Xvang Man Gыm-2” sport klubi 4-tur yakunlariga ko‘ra vitse-chempion bo‘ldi. Musobaqada ushbu klub tarkibidan Rimma Molokanova, Asel Yerkebayeva, Arujan Kamalova, Adelina Hasanova, Mohira Abdullayeva joy oldi. Ularga Anvar Karimov murabbiylik qildi.

Mazkur musobaqada 18 ta jamoa Rossiya chempionatining Superligasiga yo‘llanma olish uchun 4 tur davomida o‘zaro raqobatlashdi. Quvonarlisi, ushbu bellashuvlarda “Xvang Man Gыm-2” sport klubi ortda qolgan 4 tur yakunlariga ko‘ra Superligada ishtirok etish huquqini qo‘lga kiritdi.

Shuningdek, Oliy ligada ikki nafar stol tennischimiz eng yaxshi uch o‘yinchi qatoridan o‘rin oldi va tashkilotchilar tomonidan pul mukofoti bilan taqdirlandi. Aniqrog‘i, musobaqa davomida yorqin o‘yin namoyish etgan Arujan Kamalova 1 ming 388 AQSH dollari, Rimma Molokanova esa 1 ming 111 AQSH dollari pul mukofotiga ega chiqdi.

Endi Toshkent viloyatining “Xvang Man Gыm-2” sport klubi ayollar jamoasi Rossiya Superligasida ishtirok etadi.

 

Javohir Toshxo‘jayev,  

O‘zA