Birlashgan Arab Amirliklarining Dubay shahrida Xalqaro kurash assotsiatsiyasi (IKA) ijroiya qo‘mitasi a’zolari, qit’aviy kurash konfederatsiyasi rahbarlari, O‘zbekiston kurash federatsiyasi vakillari va IKAning turli qo‘mitalari mutasaddilari ishtirokida yig‘ilish o‘tkazildi.

Milliy sportimizning xalqaro maydondagi rivoji, joriy yil mobaynida o‘tkazilishi belgilangan musobaqalar, bir nechta kompleks sport o‘yinlarida kurashning ishtirokiga doir yigirmadan ziyod masala muhokama qilindi.

IKA matbuot xizmati xabariga ko‘ra, muhokamalar davomida Buyuk Britaniyaning Birmengem shahrida o‘tkazilgan «SportAccord 2024»ga bag‘ishlangan global sport tadbirlarida milliy sportimiz kurash taqdimoti o‘ziga xos voqea bo‘lgani ta’kidlanib, Xalqaro olimpiya qo‘mitasi a’zolari, bir qator yozgi olimpiya sport turlari federatsiyalari mutasaddilari va dunyoning yetakchi sport mutaxassislari bilan muzokaralar olib borilgani, kelishuvlarga erishilgani aytib o‘tildi.

T. Ro‘ziyev, O‘zA