Germaniyada xalqaro simpozium o‘tkazildi

Bugungi kunda ta’lim, ilm-fan va ishlab chiqarishning o‘zaro bog‘liqligi va uyg‘unlashuvini ta’minlash, bu borada xalqaro tajribalarni o‘rganish va tahlil etish, xorijlik hamkasblar bilan fikr va tajriba almashish dolzarb ahamiyat kasb etadi.
Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi va “Yangi O‘zbekiston” universiteti tomonidan Germaniyaning Myunxen texnika universitetida “Chegaralarsiz: Germaniya va O‘zbekiston o‘rtasida ta’lim, fan va sanoat bo‘yicha hamkorlikning yangi bosqichi imkoniyatlari” mavzusida xalqaro simpozium bo‘lib o‘tdi.

Simpoziumni ochar ekan, maktabgacha va maktab ta’limi vaziri Hilola Umarova yangilanayotgan O‘zbekistonda ta’lim sohasida kechayotgan o‘zgarishlar, tashkil etilayotgan yangi o‘quv maskanlari, bunda xalqaro hamkorlikning tobora kengayib borayotgani xususida batafsil so‘zladi.

Ushbu yirik nufuzli xalqaro tadbirda yurtimizdan Energetika vazirligi, “O‘zavtosanoat”, “Uzbekistan airways”, “O‘zmetkombinat” aksionerlik jamiyatlari, “O‘zeltexsanoat” uyushmasi, “Olmaliq Kon-metallurgiya kombinati”, “Navoiy Kon-metallurgiya kombinati”, “O‘zcharmsanoat”, “O‘zkimyosanoat” aksionerlik jamiyatlari, “O‘zto‘qimachiliksanoat” uyushmasi vakillari ham ishtirok etdi.
Tadbirda Germaniyaning ilg‘or universitetlari va Siemens, Knorr-bremse, Airbus, Deloitte, IT4IPM, Linde kabi nufuzli nemis sanoat kompaniyalari ham qatnashdi.

Simpozium davomida mamlakatimizda ta’lim, ilm-fan va sanoat o‘rtasidagi hamkorlik bo‘yicha amalga oshirilgan ishlar va kelgusida Germaniyaning bu boradagi ilg‘or tajribasi asosida yaxlit tizim yaratish maqsad qilingan.

Ma’rifiy anjumanda o‘quv jarayoni, ilm-fan va ishlab chiqarishning o‘zaro integratsiyalashuviga oid ilg‘or tajribalar, bu boradagi yangi istiqbollar atroflicha muhokama etildi, deb xabar qilmoqda Maktabgacha va maktab ta’limi vazirligi axborot xizmati.
N.Usmonova, O‘zA