12-aprel kuni Islom Karimov nomidagi “Toshkent” xalqaro aeroportida 2024 yilgi Xalqaro armiya o‘yinlari doirasidagi “Sayan yurishi” musobaqasida ishtirok etib, Vatan sharafini munosib himoya qilgan yurt o‘g‘lonlari tantanali kutib olindi.

Mudofaa vazirligi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar departamentidan ma’lum qilinishicha, bayramona tadbirda ushbu nufuzli xalqaro musobaqalarda Mudofaa vazirligi jamoasi g‘alabalar seriyasi bilan ishtirok etib kelayotgani ta’kidlandi.

Rossiya Federatsiyasi hududida o‘tkazilgan va Xalqaro armiya o‘yinlarini boshlab bergan mazkur musobaqada jami 9 ta jamoa ishtirok etib, O‘zbekiston ular orasida kuchli uchtalikdan o‘rin oldi.

Sovuq iqlim, noqulay ob-havoli tog‘ hududlarida 50 kilometrlik masofani bosib o‘tish davomida jamoalar 12 ta shart bo‘yicha ko‘rsatilgan me’yorlarni yuksak jangovar mahorat bilan bajarishdi. Yangilangan jamoamiz uchun bu kabi kutilmagan to‘siqlarni yengib o‘tib, kuchlilar ichida nom taratish oson kechmadi.

Rossiya Federatsiyasi, Xitoy, Eron kabi kuchli davlat jamoalari ishtirok etgan musobaqada yurtimiz harbiy xizmatchilari uchinchi o‘rinni qo‘lga kiritdi.

G‘oliblarga harbiy orkestr sadolari ostida medal hamda esdalik sovg‘alari topshirildi.

Z.JONIBEKOV, O‘zA