Kommunal to‘lovlar bilan bog‘liq qonun loyihasi yetarli ovoz to‘plolmadi

252

Oliy Majlis Qonunchilik palatasining majlisida «Davlat boji to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga kommunal to‘lovlarni sud orqali undirishda qulayliklar yaratishga qaratilgan qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish haqida»gi qonun loyihasi birinchi o‘qishda ko‘rib chiqildi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi raisi o‘rinbosari Xalilillo To‘raxo‘jayev o‘z ma’ruzasida qayd etganidek, 2023-yilda ko‘p kvartirali uylarga xizmat ko‘rsatuvchi boshqaruv servis kompaniyalari va shirkatlar tomonidan ko‘rsatilgan xizmatlar uchun fuqarolarning 561,8 mlrd. so‘m qarzdorligi vujudga kelgan. Bugungi kunga qadar mazkur qarzdorlikning 447,4 mlrd. so‘m qismi (79,7 foiz) undirilmagan. Boshqaruv servis kompaniyalari tomonidan sudlarga 111 milliard so‘mlik qismini undirish bo‘yicha arizalar kiritilgan bo‘lib, ammo davlat boji sababli qarzdorlikning qolgan qismini undirish yuzasidan sudga murojaat qilish imkoni bo‘lmagan.

Endilikda ko‘p kvartirali uylarni boshqarish organlari o‘zlari tomonidan aholiga ko‘rsatilgan xizmatlar uchun majburiy to‘lovlar bo‘yicha qarzdorlikni undirish to‘g‘risidagi da’volar, arizalar va shikoyatlar bilan fuqarolik ishlari bo‘yicha va iqtisodiy sudlarga murojaat qilishda davlat bojini to‘lashdan ozod qilinishi taklif etilmoqda. Sudlarga asossiz arizalar kiritishning oldini olish maqsadida ularning talablari asossiz bo‘lganligi sababli sudlar tomonidan rad etilgan taqdirda davlat boji servis tashkilotlarining o‘zlari tomonidan to‘lanishi nazarda tutilmoqda.

Qizg‘in muhokamalar davomida ayrim deputatlar qonun loyihasi muhimligini, sudlarga murojaat qilishda davlat bojini to‘lashdan ozod qilinishi BSKlarning imkoniyatini oshirishga xizmat qilishini e’tirof etgan bo‘lsa, ayrim xalq vakillari taklif etilayotgan o‘zgartirishlar odamlarning haqli e’tirozlarini keltirib chiqarishi mumkinligini, qonun loyihasiga umuman hojat yo‘qligini qayd etdi.

Fikr-mulohaza, tortishuv va bahslardan so‘ng qonun loyihasi ovozga qo‘yildi va zarur ovozlar sonini to‘play olmagani sababli rad etildi.

Muhtarama Komilova, O‘zA