Nigora Hasanova: «TIHE 2024» xalqaro tibbiyot ko‘rgazmasi 28-yildan buyon mahalliy va xorijlik ishtirokchilar uchun hamkorlik maydonini yaratmoqda»

276

Xalqimizning farovon hayotini ta’minlash yo‘lida sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish muhim hisoblanadi. Shu sababli, keyingi paytda sohani takomillashtirish, xalqaro hamkorlikni mustahkamlash va kadrlar salohiyatini yanada oshirishga katta e’tibor qaratilmoqda.

Bu ishlar ko‘lamini kengaytirishda mazkur yo‘nalishda tashkil etilayotgan xalqaro ko‘rgazmalar har jihatdan foydalidir. Poytaxtimizdagi “O‘zekspomarkaz” markaziy ko‘rgazmalar majmuida 16-18-aprel kunlari bo‘lib o‘tadigan» Sog‘liqni saqlash – TIHE 2024» 28-xalqaro tibbiyot ko‘rgazmasi bu borada amalga oshirilayotgan chora-tadbirlar bilan hamohangdir.

«Iteca Exhibitions» xalqaro ko‘rgazmalar kompaniyasi bosh direktori Nigora Hasanova ushbu ko‘rgazmaning tashkil etilishi va uning ishtirokchilari haqida O‘zA muxbiriga intervyu berdi:

– «Sog‘liqni saqlash – TIHE 2024» xalqaro tibbiyot ko‘rgazmasi 1995-yildan buyon o‘tkazilmoqda. Bunday imkoniyat esa yildan yilga mahalliy va xorijiy ishtirokchilarni faol muloqot hamda hamkorlikka undamoqda.

«TIHE 2024» ko‘rgazmasi Butunjahon ko‘rgazma sanoati uyushmasi (UFI) tomonidan tasdiqlangan tadbir maqomiga ega bo‘lgan O‘zbekistondagi yagona tibbiy ko‘rgazma hisoblanadi. U tibbiyot hamjamiyati mutaxassislariga «so‘nggi avlod» tibbiy texnologiyalari bilan tanishish imkoniyatini yaratayotgan noyob platformadir. Shundan bo‘lsa kerakki, mahalliy va xorijiy kompaniyalar tomonidan ushbu tadbirga qiziqish ortib bormoqda.

Albatta, ishtirokchilarning soni oshib borayotgani bizni quvontiradi. Chunki tashkilotchi sifatida «Iteca Exhibitions» xalqaro ko‘rgazmalar kompaniyasining asosiy maqsadi ham yurtimiz tibbiyot sohasi ravnaqiga hissa qo‘shishdir.

Bu yilgi «TIHE 2024» xalqaro ko‘rgazmasi “O‘zekspomarkaz”ning to‘rtta pavilonida tashkil etiladi. Birinchi pavilonida Germaniya, Rossiya, Xitoy, Koreya Respublikasi, Turkiya milliy stendlari, 2-pavilonda tibbiyot texnologiyalari, laboratoriyalarni jihozlash uchun uskunalari, 3-pavilonda farmatsevtika sanoati uchun uskunalar va texnologiyalar, tayyor dori mahsulotlari va 4-pavilonda esa stomatologiya amaliyoti uchun tibbiy buyumlar, texnika, uskunalar namoyish etiladi.

Ko‘rgazmada O‘zbekiston, Bangladesh, Belarus Respublikasi, Germaniya, Daniya, Italiya, Qozog‘iston, Koreya Respublikasi, Rossiya kabi 20 mamlakatdan 300 dan ortiq kompaniya o‘z imkoniyatlarini taqdim etadi. Shuni alohida ta’kidlash kerakki, tibbiy, farmatsevtik, laboratoriya, stomatologiya uskunalari, sarf materiallarining keng assortimentini namoyish etadigan ko‘plab mahalliy ishlab chiqaruvchilarning ushbu tadbirdagi ishtiroki yanada e’tiborlidir. Shuningdek, ko‘rgazma doirasida soha mutaxassislari uchun seminarlar, mahorat darslari va anjumanlar o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Aytish joizki, «TIHE 2024» xalqaro ko‘rgazmasi tibbiyot sohasi vakillari, ishlab chiqaruvchilari, olimlari uchun katta maydon bo‘lib, unda mahalliy va ko‘plab davlatlardan shu yo‘nalishda faoliyat olib borayotgan mutaxassislar o‘zaro muloqot qiladi. Bu esa mamlakatimiz sog‘liqni saqlash tizimini takomillashtirish, raqamlashtirish ishlarini jadallashtirish, tibbiy xizmatlar hajmini oshirish va sifatini tubdan yaxshilash, raqobat va xususiy sektorni qo‘llab-quvvatlash, tibbiyot xodimlarining bilimini oshirish, ta’lim va ilm-fanni rivojlantirish bo‘yicha xalqaro hamkorliklarni mustahkamlashda muhim ahamiyat kasb etadi.

O‘zA muxbiri Nasiba Ziyodullayeva yozib oldi.