Kecha, 11-aprel kuni dunyoning eng kuchli kurashchilari Eronning Esferayen shahrida milliy sportimiz kurash bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun Pahlavon Mahmud xotirasiga bag‘ishlangan nufuzli turnirda ishtirok etish uchun jam bo‘lishdi.

Xalqaro turnir nizomiga muvofiq, musobaqada kurashchilar -90 va +90 kilogramm vaznda bellashadi. Unda har bir davlatdan bitta vaznda 2 nafardan sportchi bilan ishtirok etishi belgilangan.

Eron kurash gilamlarida kechadigan bellashuvlarda Rizamat Soliyev bosh murabbiyligidagi O‘zbekiston  terma jamoasi a’zolaridan Muhsin Hisomiddinov, Asror Hamidov, Umar Bozorov va Alixon Nodirov yurtimiz sharafini himoya qilishi kutilmoqda.

Kecha kun mobaynida Pahlavon Mahmud xotirasiga bag‘ishlangan turnir oldidan hakamlar uchun seminar, ishtirokchi davlat delegarsiyalari uchun mandat komissiyasining yig‘ilishlari tashkil etildi.

Eslatib o‘tamiz, 13-aprelga qadar davom etadigan turnirda g‘oliblik shoxsupasiga ko‘tarilgan polvonlar 3 ming dollar bilan taqdirlanadi. Kumush medalni qo‘lga kiritgan kurashchilar ming va bronza medali sohiblari 500 AQSH dollariga sazovor bo‘lishadi.

T. Ro‘ziyev, O‘zA