O‘zbekiston va Gruziya: savdo-iqtisodiy, investitsiyaviy, madaniy-gumanitar hamkorlik kengaytiriladi

O‘zbekiston va Gruziya davlatlari o‘rtasidagi hamkorlik aloqalari rivojlanmoqda. Keyingi yillarda savdo ko‘rsatkichlari va hamkorlik loyihalari soni ortib, 2023-yilda tovar ayirboshlash 23 foizga oshdi.
Bu Oliy Majlis Senati Raisi Tanzila Norboyevaning Gruziya parlamenti raisi Shalva Papuashvili boshchiligidagi delegatsiya bilan uchrashuvida qayd etildi.
Tomonlar ikki mamlakat o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy va investitsiyaviy hamkorlikni kengaytirish, madaniy-gumanitar almashinuvni faollashtirish, parlamentlararo munosabatlarni yangi bosqichga olib chiqish masalalarini ko‘rib chiqdi.

Muloqot chog‘ida ikkala davlat ham o‘zidagi bor salohiyat va imkoniyatni ishga solish, transport-logistika, bank-moliya, turizm kabi yo‘nalishlarda qo‘shma loyihalarni amalga oshirish yuzasidan fikr almashildi.
Xalqlarni bir-biriga yaqinlashtirishda madaniy-gumanitar aloqalarni faollashtirishga e’tibor qaratildi. O‘zbekiston va Gruziya xalqlarini an’anaviy mustahkam do‘stlik rishtalari bog‘lab turishi, madaniy tadbirlarning tez-tez o‘tkazilishi ruhi va an’analari jihatidan juda yaqin xalqlar munosabatlarini rivojlantirishga xizmat qilishi ta’kidlab o‘tildi.
Ikki mamlakat o‘rtasida erishilgan oliy darajadagi kelishuvlarning samarali amalga oshirilishini ta’minlash uchun parlamentlar o‘rtasida muntazam muloqotni yo‘lga qo‘yish, bu jarayonda parlamentlararo do‘stlik guruhlarining muvofiqlashtiruvchi sifatidagi rolini yanada oshirishga e’tibor qaratildi.
Uchrashuvda gender tenglik, hududlar o‘rtasida aloqalarni mustahkamlash, xalqaro tashkilotlar doirasida hamkorlikni rivojlantirishga kelishib olindi.
N.Abduraimova, O‘zA