Davlatimiz rahbarining joriy yil 4-apreldagi «Mehnat migratsiyasi jarayonlarini takomillashtirish hamda xorijda vaqtincha mehnat faoliyatini amalga oshirayotgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlashga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmoniga muvofiq, 2024-yil 1-iyundan mehnat migratsiyasidan qaytgan shaxslarni ishga olganlarga subsidiya to‘lanadi.

Mehnat migratsiyasidan qaytgan shaxslarni ishga qabul qilgan ish beruvchilarga har bir ishga olingan xodim uchun 12 oy davomida oyiga 500 ming so‘mdan subsidiya to‘lanadi (bundan byudjet tashkilotlari, davlat korxonalari, ustav kapitalida davlat ulushi 50 foiz va undan ortiq bo‘lgan yuridik shaxslar mustasno).

Bunda, subsidiya 2024-yil 1-iyundan 2026-yil 1-yanvarga qadar ishga qabul qilingan shaxslarga nisbatan to‘lanadi. Mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan shaxs bilan tuzilgan va Yagona milliy mehnat tizimida ro‘yxatdan o‘tkazilgan mehnat shartnomasi subsidiya to‘lash uchun asos bo‘lib hisoblanadi.

Ma’lumot o‘rnida aytish joiz, mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan shaxslar deb xorijda 3 va undan ortiq oy mobaynida mehnat faoliyati bilan shug‘ullanib, yashash manziliga qaytib kelganiga bir yildan ko‘p vaqt bo‘lmagan shaxslar tushuniladi.

2024-yil 1-iyundan mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan shaxslar hamda ularning oila a’zolarini bepul tibbiy ko‘rikdan o‘tkazish, mehnat migratsiyasidan qaytib kelgan, ijtimoiy ahamiyatli kasallikka chalingan shaxslarga tibbiy yordamning kafolatlangan hajmlari ro‘yxatiga muvofiq bepul tibbiy yordam ko‘rsatish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.

 

Sh.Mamaturopova,  

O‘zA