Toshkentda O‘zbekiston “VETERAN” jangchi-faxriy va nogironlari birlashmasi tashkil etilganining 30-yilligi munosabati bilan bayram tadbiri bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi, Toshkent shahri va viloyatlardan tashrif buyurgan jangchi-faxriylar, faxriy jangchi-ayollar, Qurolli Kuchlar faxriylari, hukumat vakillari,  elchixonalar va qo‘shni davlatlardan faxriy mehmonlar ishtirok etdi.

O‘zbekiston “VETERAN” jangchi-faxriy va nogironlari birlashmasi 1994-yilning 2-fevral kuni tashkil etilgan. Birlashma Afg‘oniston va boshqa chegaralangan hududlarda Vatanimiz manfaatlarini himoya qilishda qatnashgan 65 mingga yaqin jangchi-faxriylar, urush nogironlari, halok bo‘lgan jangchilarning oila a’zolarini ijtimoiy va huquqiy jihatdan himoyalash, sog‘lig‘ini tiklashda ko‘mak berish, ish bilan ta’minlash maqsadida yangi ish o‘rinlarini yaratish hamda yoshlarni vatanparvarlik ruhida, o‘z Vataniga, xalqiga sodiq, komil inson etib tarbiyalash bo‘yicha ishlab chiqilgan Davlat dasturlari ijrosini ta’minlashda faol ishtirok etish borasida samarali faoliyat yuritmoqda.

Birlashma  30-yil davomida shakllanib, mamlakatimizning nodavlat notijorat tashkilotlari orasida o‘z munosib o‘riniga ega bo‘ldi. Hozirda O‘zbekiston Respublikasi Mudofaa, Ichki ishlar va Sog‘liqni saqlash vazirliklari, shu bilan birga, O‘zbekiston Kasaba uyushmalari federatsiyasi, O‘zbekiston “Adolat” sotsial-demokratik partiyasi, Yoshlar ittifoqi, Mudofaaga ko‘maklashuvchi “Vatanparvar” tashkiloti, “Nuroniy”,  “Mahalla”, “Sog‘lom  avlod  uchun”, “Sen yolg‘iz emassan” jamg‘armalari va boshqa qator nodavlat notijorat tashkilotlari bilan hamkorlikda faoliyat olib bormoqda.

Birlashmaning  faol  pozitsiyasi  nafaqat  mamlakatimizda,  balki,  chetellarda ham e’tirof  etildi. Hozirda u MDH hukumat rahbarlari kengashi qoshidagi jangchi-baynalmilalchilar ishlari  bo‘yicha qo‘mitaning muvofiqlashtiruvchi kengashi, «Boyevoye Bratstvo» chegaralangan urushlar va harbiy mojarolar faxriylari xalqaro ittifoqining oliy  kengashi, «World Veterans Federation» (Parij) xalqaro veteranlar federatsiyasi  hamda BMTning  EKOSOS tashkiloti  a’zosidir.

O‘tgan davr mobaynida jangchi-faxriylar, urush nogironlari, halok bo‘lgan jangchilarning oila a’zolarini ijtimoiy va huquqiy himoyalash, sog‘lig‘ini tiklash borasida qator ishlar amalga oshirildi. Jumladan, sanatoriy-kurortlarda davolanish hamda sog‘lig‘ini tiklash uchun jangchi-baynalmilalchilarga, halok bo‘lganlarning oila a’zolariga 600 dan ortiq yo‘llanma olish, nogironlarni protezlar bilan ta’minlash uchun ko‘maklashildi, yigirmaga yaqin nogironlar aravachasi hadya etildi.

 

Birlashma tashkil etilishi bilan uning  huzurida “Burch” deb nomlangan halok bo‘lgan harbiy xizmatchilar onalarining qo‘mitasi tashkil etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasi tomonidan 2010-yilda O‘zbekiston Respublikasining nodavlat ta’lim muassasalari to‘g‘risidagi nizomi tasdiqlangandan so‘ng, birlashma rahbariyati tomonidan “TURON PATRIOT” nodavlat ta’lim muassasasi faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Kamola YUSUPOVA,

Rustam NAZARMATOV (surat), O‘zA