Bojxona organlari tomonidan imtiyozlarning to‘g‘ri va o‘rinli qo‘llanilishini monitoring qilish jarayonida ayrim tadbirkorlik subyektlari tomonidan davlat byudjetiga undiriladigan bojxona to‘lovlaridan bo‘yin tovlash maqsadida bojxona rasmiylashtiruvi tartibini qo‘pol ravishda buzishga urinish holatlari aniqlanmoqda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi bojxona boshqarmasi “Qo‘ng‘irot” TIF bojxona posti xodimlari tomonidan respublikamizda faoliyat yurituvchi tadbirkorlik subyektlaridan birining nomiga Xitoy davlatidan olib kelingan quvur tovarlari o‘rganilganida, ularda hujjatlarda ko‘rsatilgan dvigatel qismlari mavjud emasligi, aksincha ushbu quvurlar burg‘ulash uchun mo‘ljallangani aniqlandi. Tayinlangan tasniflash ekspertizasi qaroriga ko‘ra ushbu tovar O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 4-iyundagi “O‘zbekiston Respublikasi hududiga import qilishda bojxona boji va qo‘shilgan qiymat solig‘idan ozod etiladigan o‘xshashi respublikada ishlab chiqarilmaydigan yangi texnologik asbob-uskunalar ro‘yxatini tasdiqlash to‘g‘risida”gi qarorida ko‘rsatilgan ro‘yxatda ko‘rsatilmaganligi va unga nisbatan bojxona to‘lovi undirilishi ma’lum bo‘ldi.
Ushbu holatda tadbirkorlik subyektidan bojxona to‘lovlari uchun davlat byudjetiga jami 1 milliard 617 million so‘m undiriladigan bo‘ldi.
Dovud Abibullayev,
O‘zA muxbiri