O‘mon Sultonligi tashqi ishlar vaziri Badr bin Hamad Al Busaidiy Eron Islom Respublikasi tashqi ishlar vaziri Husayn Amir Abdullohiyon bilan o‘tkazilgan qo‘shma matbuot anjumanida Falastin masalasi asosiy masala ekani, mintaqadagi keskinlikni kamaytirish, turli muammolar va mojarolarni hal qilish bo‘yicha sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlashini ta’kidladi. Bu haqda O‘mon axborot agentligi ma’lum qilmoqda.
– Biz mintaqadagi keskinlikni kamaytirish va turli muammolar va mojarolarni hal qilish bo‘yicha sa’y-harakatlarni qo‘llab-quvvatlaymiz, – dedi mulozim.
O‘mon tashqi siyosat idorasi rahbarining ta’kidlashicha, uning eronlik hamkasbi bilan uchrashuvi kun tartibi mintaqada yuz berayotgan turli o‘zgarishlar bo‘yicha fikr almashish, maslahatlashish va muvofiqlashtirish, shuningdek, vaziyatni tinchlantirish va keskinlikni kamaytirish, turli masalalar va mojarolarga muvaffaqiyatli yechim topishdan iborat.
O‘z navbatida, Abdullohiyon ikki davlat hamkorligida mintaqa va dunyoda muhim o‘rinlarni egallash bo‘yicha yuqori darajada maslahatlashuvlar olib borayotgani, tomonlar o‘rtasida urushni to‘xtatish zarurati bo‘yicha kelishuv borligini ta’kidladi.