O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning taklifiga binoan Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev 5-aprel kuni tashrif bilan mamlakatimizda bo‘ldi.
O‘zbekiston Markaziy Osiyo mamlakatlari, jumladan, Qozog‘iston bilan o‘zaro ishonch va yaxshi qo‘shnichilikka asoslangan munosabatlarni rivojlantirish yo‘lidan bormoqda. Xalqlarimiz nafaqat yaqin qo‘shni, balki qardosh sifatida ko‘p qirrali hamkorlikning barcha masalalari bo‘yicha azaldan bir-birlarini tushunib, qo‘llab-quvvatlab kelgan. Mamlakatlarimiz yaxshi qo‘shni va o‘zaro manfaatli hamkor sifatida taraqqiyot yo‘lidan yelkama-yelka bormoqda.
Ikki davlat xalqaro siyosat masalalarida bir-birini qo‘llab-quvvatlab, xalqaro tashkilotlar – BMT, SHHT, MDH, Iqtisodiy hamkorlik tashkiloti, Islom hamkorlik tashkiloti, Turkiy davlatlar tashkiloti, Orolni qutqarish xalqaro jamg‘armasi va boshqa tashkilotlar doirasida samarali hamkorlik qilmoqda. Mintaqaviy va xalqaro ahamiyatga molik ko‘plab masalalar yuzasidan tomonlarning pozitsiyalari o‘xshash.
Bugungi kunda O‘zbekistonda 1250 dan ortiq Qozog‘iston korxonasi, Qozog‘istonda esa o‘zbek kapitali ishtirokida 1400 dan ortiq kompaniya faoliyat ko‘rsatmoqda. O‘zbekiston – Qozog‘iston hamkorligini rivojlantirishning ustuvor yo‘nalishlaridan yana biri, bu – transport kommunikatsiyalari sohasidir. Mamlakatlarimiz avtomobil va temir yo‘llari o‘zaro integratsiyalashgan. Ushbu muhim aloqa tarmog‘i uchinchi davlatlar uchun tranzit vazifasini o‘tayapti. 2023-yilda temir yo‘l transportida xalqaro tashish hajmi 23,46 million tonna, avtomobil transportida 2,1 million tonna, havo transportida esa 90 ming tonnani tashkil etdi.
Ko‘hna Xiva shahrida Prezidentlar Shavkat Mirziyoyev va Qosim-Jomart Toqayev uchrashuv o‘tkazdilar.
Unda O‘zbekiston bilan Qozog‘iston o‘rtasidagi strategik sheriklik va ittifoqchilik munosabatlarini yanada mustahkamlash, har tomonlama amaliy hamkorlikni kengaytirish masalalari muhokama qilindi.
Kooperatsiya loyihalarini jadallashtirish, ilgari oliy darajada erishilgan kelishuvlarga muvofiq investitsiya bitimlari va savdo shartnomalarini amalga oshirishga alohida e’tibor qaratildi.
Davlat rahbarlari mashinasozlik, energetika, transport va logistika, konchilik, to‘qimachilik, oziq-ovqat sanoati va boshqa tarmoqlardagi qo‘shma loyihalarni ilgari surish yuzasidan Bosh vazirlar o‘rinbosarlari, Hukumatlararo komissiya huzuridagi ishchi guruhlar hamraislarining hisobotlarini tingladilar.
Prezidentlar tovar ayirboshlashni ko‘paytirish, sanoat kooperatsiyasi bo‘yicha uzoq muddatli dasturni shakllantirish hamda transport va energetikada infratuzilmaviy loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha aniq topshiriq berdilar.
Joriy yilda Sanoat kooperatsiyasi xalqaro markazini tashkil etish bo‘yicha amaliy ishlarni boshlash, qo‘shma tashqi savdo kompaniyasi faoliyatini kengaytirish muhimligi ta’kidlandi.
Gumanitar va turizm aloqalarini rivojlantirish, yoshlar ishtirokida madaniyat, ta’lim va sport sohalarida qo‘shma tadbirlar o‘tkazish masalalari atroflicha muhokama qilindi.
Mintaqaviy ahamiyatga molik masalalar, shu jumladan, suv resurslaridan oqilona foydalanish, Markaziy Osiyo davlatlari rahbarlarining Maslahat uchrashuvi doirasidagi hamkorlikni kengaytirish hamda Afg‘onistondagi vaziyatning rivojlanishi yuzasidan fikr almashildi.
Ikki va ko‘p tomonlama shakldagi bo‘lajak qo‘shma tadbirlar rejasi ko‘rib chiqildi.
Uchrashuv har doimgidek ochiq, samimiy va do‘stona muhitda o‘tdi.
Prezident Shavkat Mirziyoyev va Prezident Qosim-Jomart Toqayev “Xiva gilamlari” kombinatiga tashrif buyurdilar.
2020-yilda tashkil etilgan qiymati 24 million dollarlik ushbu korxona yiliga 4,2 million kvadrat metr gilam va gilam mahsulotlarini ishlab chiqaradi. Mahsulotlar AQSH, Xitoy, Rossiya, Qozog‘iston va MDHning boshqa mamlakatlariga eksport qilinmoqda.
Kombinatda Germaniya, Belgiya, Avstriya, Shveysariya, Italiya, Fransiya va Turkiyadan keltirilgan zamonaviy uskunalar o‘rnatilgan. 750 nafar ishchi mehnat qilmoqda.
Prezidentlar korxonaning ishlab chiqarish jarayoni va shourumi bilan tanishdilar, kombinat hududida tashkil etilgan «Made in Uzbekistan» brendi ostidagi mahsulotlar ko‘rgazmasini ko‘zdan kechirdilar.
Mas’ul vazirlik va idoralarga o‘zaro tajriba almashish, kooperatsiya va savdoni rivojlantirishga ko‘rsatma berildi.
Qozog‘iston Prezidenti Qosim-Jomart Toqayev davlatimiz rahbari Shavkat Mirziyoyev hamrohligida qadimgi Xivaning Ichan-qal’a majmuasi tarixiy obidalari va Nurillaboy saroyini ziyorat qildi.
“Ochiq osmon ostidagi muzey” sifatida tanilgan Xiva yaxlit yodgorlik sifatida Markaziy Osiyoda saqlanib qolgan yagona shahardir. Bu yerda 120 dan ortiq me’moriy obidalar joylashgan.
1990-yilda Xiva shahri YUNESKOning Jahon merosi ro‘yxatiga kiritilgan, 1997-yilda uning 2500-yilligi nishonlangan. 2020-yilda shahar Turkiy dunyoning madaniy poytaxti deb e’lon qilindi, 2024-yilda esa islom dunyosining turizm poytaxti bo‘ldi.
Nurillaboy saroyi XX asr boshlarida bunyod etilgan. Majmua madrasa, 100 dan ortiq xonalar, galereyalardan iborat. Saroy xonalarini bezashda nafaqat xivalik mohir ustalar, balki chet ellik rassom-dekoratorlar ham ishtirok etganlar, ular saroyning sharqona qiyofasiga Yevropaning modern uslubini singdirganlar. Xonalar ichki ko‘rinishi, kaminlari, Venetsiya oynalari va tilla suvi yugurtirilgan bronzadan ishlangan, billur ilgakli qandillari bilan ajralib turadi.
Xiva tarixi va uning fan rivojiga qo‘shgan hissasi, shuningdek, hududning boy madaniyati va san’ati haqidagi hikoyalar qozog‘istonlik mehmonlarda katta taassurot qoldirdi.
Shu bilan Qozog‘iston Respublikasi Prezidenti Qosim-Jomart Toqayevning O‘zbekistonga tashrifi yakunlandi.
O‘zA