Turkiyaning Van shahrida muxolifat nomzodining saylovdagi g‘alabasi bekor qilinishi natijasida boshlangan norozilik namoyishi bir qator janubi-sharqiy viloyatlarga ham tarqaldi, deya xabar berdi “Kazinform”.
Turkiya Adliya vazirligi kurd tarafdori – Tenglik va demokratiya partiyasi (DEM)dan merlikka nomzod Abdulla Zeydanning saylash va saylanish huquqini bekor qildi. Munitsipalitet rahbari lavozimini egallash imkoniyati hukmron Adolat va taraqqiyot partiyasi vakili Abdullahat Arvasga topshirildi.
Shundan so‘ng tarafdorlar Zeydanni qo‘llab-quvvatlash maqsadida miting uyushtirishdi. Van viloyatida yuzaga kelgan ushbu harakat bir necha soat ichida tartibsizlikka aylanib ketdi.
Keyinchalik mamlakat janubi-sharqidagi Hakkari, Diyorbakir, Botman, Adana va boshqa viloyatlarda ham aholi Adliya vazirligi qarorigan norozilik bildira boshladi.
Van viloyati rahbari lavozimiga nomzod Abdulla Zeydan 31-mart kuni bo‘lib o‘tgan saylovda 50,48 foiz ovoz bilan g‘alaba qozondi, uning raqibi, hukmron partiya nomzodi Arvasni esa 27,15 foiz saylovchi qo‘llab-quvvatladi.
Ushbu natija bekor qilinishiga kurd siyosatchisining avvalgi jinoiy ishi asos bo‘lgan. 2016-yil u terror tashkilotlariga yordam berishda ayblanib, hibsga olindi va keyinroq sakkiz yillik qamoq jazosiga hukm qilindi. 2022-yil u shartli ravishda ozod qilingan.
Shahar ko‘chalarida DEM partiyasi tarafdorlari tomonidan uyushtirilgan ommaviy tartibsizlik hamon davom etmoqda. Fuqarolar va politsiya o‘rtasida tez-tez to‘qnashuv yuz bermoqda. Ichki ishlar vazirligi maxsus bo‘linmalari namoyishchilarni tarqatish uchun suv purkagich va ko‘zdan yosh oqizuvchi gazdan foydalanmoqda.
Vaziyat keskinlashuvi munosabati bilan faol choralar doirasida mamlakat hukumati namoyishda qatnashishi mumkin bo‘lgan shaxslarning Van viloyatiga kirishini taqiqladi. Hozir hodisa tufayli halok bo‘lgan yoki jarohatlanganlar haqida ma’lumot yo‘q.
G.Sattorova, O‘zA