Isroilning Damashqdagi Eron konsulligiga uyushtirgan havo hujumi javobsiz qolmaydi. Prezident Ibrohim Raisiy shunday bayonot bilan chiqdi.
– Biz qarshilik fronti, shuningdek sionistlarning noqonuniy tabiatiga nisbatan erkin xalqlar nafrati kuchayib borayotganiga guvohmiz, – dedi mamlakat rahbari. – Bu qo‘rqoqlik jinoyati javobsiz qolmaydi.
Raisiy voqeani “terror jinoyati” deb atadi:
– Mujohidlar qarshilik harakati irodasi oldidagi takror-takror muvaffaqiyatsizlik va mag‘lubiyat tufayli, Sionistik rejim o‘zini qutqarish uchun ko‘r-ko‘rona terrordan foydalanmoqda. Ular bunday g‘ayriinsoniy hatti-harakati bilan hech qachon maqsadga erisha olmasligini bilishi kerak.
Isroil rasmiylari hozircha hujum uchun javobgarlikni zimmasiga olganicha yo‘q. OAV so‘nggi oylarda Isroil Suriyadagi Eron nishonlariga bir necha bor havo hujumi uyushtirganini yozmoqda.