“Deutschlandfunk“ radiokanalida “Astronomiya va Samarqand sultoni” eshittirishi berildi

275

Buyuk olim, falakiyot ilmi sultoni, davlat arbobi Mirzo Ulug‘bek tavalludining 630-yilligi jahon hamjamiyati tomonidan keng nishonlanmoqda. Shu munosabat bilan Germaniyaning ommabop “Deutschlandfunk“ radiokanalida “Astronomiya va Samarqand sultoni” nomli dastur efirga uzatildi.

GFRdagi elchixonamiz ma’lumotiga ko‘ra, eshittirishda buyuk vatandoshimiz o‘z davrida yirik imperiya poytaxti bo‘lgan Samarqanddan turib saltanatni boshqargani va shu bilan bir vaqtda falak ilmi bilan ham mashg‘ul bo‘lgani haqida so‘z borgan.

Muallif bolaligidan bobosi Amir Temur tarbiyasini olgani, olim-u fuzalolar muloqotini eshitib ulg‘aygani, ayniqsa matematika va falakiyotga juda qiziqqani, ko‘p vaqtini otasi va bobosi to‘plagan boy kutubxonada o‘tkazgani Mirzo Ulug‘bekning dunyoqarashi shakllanishiga zamin yaratganiga urg‘u bergan.

Alloma ilmga sadoqati tufayli Samarqandda madrasa, bugungi kun ta’biri bilan aytganda, universitet barpo etgan. Dunyo tan olgan astronom 600-yil avval barpo etgan rasadxona o‘sha davrning eng mukammal ilmiy inshooti sanalgan.

Shoh bo‘lishiga qaramay, Ulug‘bek yulduzlar o‘lchami bo‘yicha hisob-kitob olib borgan, quyosh, oy, sayyoralar harakatini muntazam kuzatgan. Ali Qushchi kabi shogirdlari bilan birga ekliptikaning ekvatorga nisbatan og‘maligini aniqlashga muvaffaq bo‘lgan.

Dasturda Ulug‘bek astronomik yil uzunligini o‘ta aniq, ya’ni bir  daqiqa 2 soniya farq bilan o‘lchagani keltiriladi. Bu amal ulkan ilmiy  ahamiyatga ega. Hali teleskop bo‘lmagan davrda bobomiz yaratgan asosiy uskuna – 40 metr radiusli sekstant, ayniqsa, juda mashhur edi. Ajdodlarimiz astronomiya sohasida erishgan mislsiz yutuqlar – sekstant o‘lchovi va qulay tuzilishi Ulug‘bekning bilimi, shogirdlari xizmati natijasidir.

O‘rta asrlar buyuk falakshunosining fan uchun yana bir beqiyos xizmati “Ziji jadidi Ko‘ragoniy” yulduzlar katalogidir. Ushbu to‘plamda mingdan ortiq yulduz haqida ma’lumot berilgan. Ptolemeydan keyin, oradan ming yil o‘tib, Ulug‘bek osmonni tizimli o‘lchashga erishgan. Samarqand observatoriyasidan 1018 yulduzning joylashuvi aql bovar qilmas darajada aniqlik bilan belgilangan.

– Samarqandlik shoh va astronom 55 yoshida vafot etdi, – deya xulosa qiladi “Deutschlandfunk” radiosi suxandoni. – U o‘rta asrlar buyuk astronomi sifatida tarix zarvaraqlarida muhrlanib qoldi. Dunyo sivilizatsiyasiga ulkan hissa qo‘shgan bunday olimlar xotirasini doim yod etish, ular yaratgan bebaho merosni kelgusi avlodlarga yetkazish har bir jamiyatning burchidir.

Xulosa shuki, xorij matbuotida mamlakatimizning tarixi va buguni, o‘zbekning ulug‘ shaxslari haqida maqola, video va audio materiallar chiqishi  yurtimiz tarixini va ulug‘ siymolarimizni dunyoga tanitishda muhim ahamiyat kasb etadi.

Nasiba Ziyodullayeva tayyorladi.

O‘zA