«O‘zbekiston – 2030»: muhim strategik yo‘nalishlarda islohotlar amalga oshiriladi

315

Joriy yilning 4-mart kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining «O‘zbekiston – 2030» strategiyasida belgilangan asosiy yo‘nalishlar bo‘yicha islohotlarni amalga oshirishning 2024-yildagi ustuvor chora-tadbirlari to‘g‘risida»gi qarori qabul qilindi. Barcha sohalarni keng doirada qamrab olgan mazkur hujjat makroiqtisodiy barqarorlikni yaxshilash, energiya va oziq-ovqat xavfsizligi hamda infratuzilmani rivojlantirishga qaratilgani bilan ahamiyatlidir.

Bugun Iqtisodiyot va moliya vazirligida o‘tkazilgan uchrashuv ushbu qarorda belgilangan vazifalar mazmun-mohiyati va uning ijrosini ta’minlash masalalariga bag‘ishlandi.

Qator vazirlik va idoralar rahbarlari, xalqaro moliya institutlari, xalqaro tashkilotlar va konsalting firmalari vakillari ishtirok etgan tadbirda O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi Ravshan G‘ulomov, O‘zbekiston Respublikasi Bosh vaziri o‘rinbosari –iqtisodiyot va moliya vaziri Jamshid Qo‘chqorov va boshqalar mazkur qarorda belgilangan ustuvor vazifalar 2030-yilda milliy iqtisodiyotni o‘rta daromadli mamlakatlarning yuqori guruhiga kiritish vazifalariga erishish yo‘lida muhim qadam bo‘lishi va bu bo‘yicha 2024-yilda amalga oshiriladigan ishlarni tizimli tashkil qilish zarurligini ta’kidladi.

Qayd etilganidek, mazkur qaror bilan 2024-yilda muhim strategik yo‘nalishlardagi islohotlarni amalga oshirish ko‘zda tutilgan. Makroiqtisodiy barqarorlikni ta’minlash, byudjet-soliq siyosatining samaradorligini oshirish va davlat xaridlari tizimini takomillashtirish, mamlakatda energetika xavfsizligini ta’minlash, qishloq va suv xo‘jaligida islohotlarni kuchaytirish, aholini oziq-ovqat bilan ta’minlashni tubdan yaxshilash, telekommunikatsiya sohasini isloh qilish kabi yo‘nalishlar shular jumlasidandir.

– Mazkur qaror 10 ta yo‘nalishni qamrab olgan. Shu sababli, qaror o‘zining mohiyati bilan keng ko‘lamlidir. Negaki, unda ko‘plab qonun loyihalarini ishlab chiqish nazarda tutilmoqda. Ushbu hujjatning muhokamasida Prezidentimiz investorlarni ko‘proq qonunlar qiziqtirishini ta’kidlab, qonunlarga asosiy e’tibor berish bo‘yicha topshiriq berdi. Masalan, «Elektr energetikasi to‘g‘risida»gi qonun 2009-yilda qabul qilingan. Unda ushbu qonunning yangi tahririni ishlab chiqish vazifasi qo‘yilgan. Bundan tashqari, Yer kodeksining yangi tahririni ishlab chiqish ham bevosita bugungi kun talablariga to‘liq mosdir. O‘z navbatida, bank tizimini isloh qilish masalasi joriy yilda «O‘zsanoatqurilishbank»ni xususiylashtirishni yakunlash va «Asakabank» uchun xalqaro investitsiya bankini jalb etish rejalari bilan diqqat markazida bo‘lib qolmoqda. Ushbu sa’y-harakatlar xalqaro ekspert va maslahatchilar bilan strategik sheriklik asosida to‘ldirilib, O‘zbekiston islohotlari global standartlar hamda eng yaxshi amaliyotlarga muvofiqligini ta’minlaydi, – dedi Jamshid Qo‘chqorov.

Shuningdek, uchrashuvda Prezidentimizning qarori bilan 2024-yildagi ustuvor chora-tadbirlar rejasining bugungi kundagi ijrosiga ham to‘xtalib o‘tildi. Unga ko‘ra, chora-tadbirlar rejasida 78 ta band tasdiqlangan. 2024-yilda 61 ta normativ-huquqiy hujjat loyihasi, shu jumladan, 16 ta qonun, 26 ta Prezident farmon va qarori, shuningdek, 19 ta hukumat hujjati ishlab chiqilishi rejalashtirilgan.

Qaror ijrosida ishchi guruhlar faoliyati ko‘rsatib o‘tilgan. Unga ko‘ra, islohotlarning har bir yo‘nalishi bo‘yicha muvofiqlashtiruvchi guruh va kichik guruhlar byudjet hamda soliq siyosati samaradorligini oshirish, mamlakatning energiya xavfsizligini ta’minlash, qishloq xo‘jaligi va suv resurslarini boshqarish tizimini takomillashtirish, biznes va investitsiya muhitini yaxshilash kabi muhim sohalarga e’tibor qaratib, vazifalarning maqsadli bajarilishini ta’minlaydi.

– O‘zbekiston Jahon bankining ishonchli hamkori, – dedi Jahon bankining mamlakatimizdagi vakolatxonasi rahbari Marko Mantovanelli. – Shu sababli, bugungi uchrashuv biz uchun juda muhim hisoblanadi. Aytish joizki, biz bunday islohotlarni har tomonlama qo‘llab-quvvatlaymiz va 2024-yilda amalga oshiriladigan ishlarga e’tibor qaratamiz. Jarayonni tezlashtirish, sifatga e’tibor berish va xalqaro tajribani olib kelishda ko‘mak berishga tayyormiz.

Uchrashuvda ishtirokchilar islohotlar dasturi nafaqat qonunchilikni yangilashga, balki iqtisodiyot va jamiyatdagi chuqur tarkibiy o‘zgarishlarga ham qaratilganini va bunda xalqaro hamjamiyatning faol ishtiroki muhim ekanini aytib o‘tdi.

Nasiba Ziyodullayeva, O‘zA