Maktablarda zamonaviy baholash tizimi joriy etilishining ahamiyati qanday?

1485

Prezident va ixtisoslashtirilgan maktablarning baholash tizimini qo‘shimcha 1000 ta umumiy o‘rta ta’lim muassasasida joriy etish hamda fanlar bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlar ulushini 60 foizga oshirish borasidagi jarayonlar davom etmoqda.

Ta’limdagi bu muhim islohotlar O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2024-yil 21-fevraldagi «O‘zbekiston – 2030» strategiyasini «Yoshlar va biznesni qo‘llab-quvvatlash yili»da amalga oshirishga oid Davlat dasturi to‘g‘risida» farmoni ijrosi doirasida amalga oshirilmoqda.

Hujjatda, shuningdek, Prezident maktablari va ixtisoslashtirilgan maktablarning ta’lim metodikasini barcha umumiy o‘rta ta’lim muassasalarining o‘quv jarayonlariga joriy qilish masalasiga ham alohida e’tibor qaratilgan.

Prezident farmoni ijrosi doirasida qanday ishlar olib borilmoqda, istiqboldagi rejalar nimalardan iborat?

Mavzu yuzasidan Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi direktori Dilrabo DAVIDOVAning fikrlari bilan qiziqdik.

– Prezident, ijod, ixtisoslashtirilgan maktablar va maktab-internatlari ta’lim metodikasi maxsus mezonlarga asoslangan baholash tizimi bo‘yicha olib boriladi. Ushbu metodika 2023/2024 o‘quv yilidan respublikamizdagi 500 ta umumiy o‘rta ta’lim maktabiga ham joriy qilindi. Bu raqam hududlar kesimida olinganda Qoraqalpog‘iston Respublikasi va barcha viloyatlardagi ma’lum maktablarni qamrab oldi.

Yangilikni amaliyotga tatbiq qilish uchun tegishli chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda. Xususan, Ixtisoslashtirilgan ta’lim muassasalari agentligi tizimidagi maktablarning pedagogik jamoalaridan 750 ga yaqin trener shakllantirildi. Ular ushbu ta’lim maskanlariga biriktirildi.

Kelgusi o‘quv yilidan boshlab respublikamizdagi 1000 ta umumta’lim maktabida ushbu yangi baholash tizimi joriy qilinadi. Bugungi kunda jarayonni tizimli va samarali tashkil etishda agentlik tarkibidagi Pedagogik mahorat va xalqaro baholash ilmiy-amaliy markazi tomonidan soha mutaxassislari jalb qilingan holda nazorat sinovlari spetsifikatsiyalari va materiallarini tayyorlash uchun ekspertlar guruhi ham shakllantirildi.

– Shu o‘rinda savol tug‘iladi, maxsus mezonlarga asoslangan baholash tizimi mazmun-mohiyati, afzalliklari nimada?

– Mazkur baholash tizimi ta’lim jarayonining barcha qatnashchilariga maqsadli yondashishni o‘rgatadi. Uning an’anaviy baholash tizimidan farqli tomoni subyektivlik, nisbiylikka asoslanmaganligidir. Baholash materiallari ham Davlat ta’lim standartlari talablari asosidagi ta’limiy maqsadlarga erishilganlik darajasini tekshirishga qaratilgan bo‘ladi. Xususan, tizim o‘qituvchilar darsga tayyorgarlik ko‘rayotganlarida ta’limiy maqsadni aniq belgilab olishlariga yordam beradi.

Mazkur baholash tizimi amaliyotda qo‘llanilayotganda inson omili aralashuvi maksimal darajada kamaytiriladi. O‘qituvchi tomonidan har kunlik baho qo‘yib borilmaydi. Muayyan bob yakunlagandan keyin, o‘quvchi qanday bilimlarga ega bo‘lishi kerakligiga qarab savollar tuziladi. Shunga mos tarzda topshiriq ishlab chiqiladi.  Bu jarayonda baholash mezonlarida obyektivlik yuzaga keladi.

O‘qituvchi har bir bolaning ishini tekshirar ekan, o‘quvchining mavzuni qay darajada tushunganligi, uning aynan qaysi mavzuda qiyinchilikka uchrayotganini tahlil qiladi. Bolaning dars davomida olgan bilim darajasi va uni tuzatishda qaysi jihatiga e’tibor berish kerakligini o‘zi uchun bilib oladi.

Mazkur baholash usulida o‘quvchi 100 ballik tizimda baholanadi. Bunda 100-86 ball oralig‘ida o‘quvchi – 5 bahoga, 85-65 ball oralig‘ida – 4 bahoga, 64-30 ball oralig‘ida – 3 bahoga ega bo‘ladi.

Ushbu tizim orqali bolaning bilimiga to‘laqonli baho beriladi.

Baholash instrumentlaridan eng muhimlari amaliy va loyiha ishlari bo‘lib, bu o‘quvchilarning olgan nazariy bilimlarini amalda qo‘llab mustahkamlashlariga yordam beradi. Natijada darslarni tashkil qilishda amaliy qismiga ko‘proq e’tibor qaratiladi.

– Baholash mezoni tajribasini ommalashtirish, xususan, respublikamizdagi mingta maktabga joriy etish bo‘yicha qanday rejalar ishlab chiqilgan?

– Xalqaro ta’lim tashkilotlari bilan hamkorlik doirasida maxsus baholash materiallari yaratilmoqda. Xususan, PISA materiallarining tegishli darajasidagi topshiriqlaridan namuna olish bo‘yicha treninglar o‘tiladi. Baholash materiallarini tahlil qilish va takomillashtirish, tabiiy fanlar va matematika fani o‘qituvchilarining kasbiy malakasini oshirishga e’tibor qaratilmoqda. Xalqaro mutaxassislar ishtirokida seminar-treninglar tashkil qilinib, o‘quvlarni kaskad usulida davom ettirish reja qilinmoqda.

Ta’limdagi islohotlarning yana bir muhim tomoni umumiy o‘rta ta’lim o‘quv dasturlari va darsliklarini xorijiy tajribalarni o‘rgangan holda qayta ko‘rib chiqish hamda takomillashtirishdir. Bunda o‘quvchilar amaliy ko‘nikmalarini rivojlantirish, olayotgan bilimlarini qayerda va qanday qo‘llash mumkinligi haqida tasavvurini shakllantirish muhim sanaladi. Buning uchun esa darslarni tashkil qilishda amaliyotdan nazariyaga yo‘naltirgan holda, o‘quv dasturlarini amaliy qismini ko‘paytirish ayni muddao bo‘ladi.

O‘zA muxbiri Marhabo MADAMINOVA suhbatlashdi.