“O‘zbekneftgaz” AJ axborot xizmatiga ko‘ra, bir qator shaxslarga avtomobil benzini sotib olish xarajatlarining bir qismi oylik pul kompensatsiyasi sifatida to‘lanadi.

Hukumat huzuridagi Idoralararo tarif komissiyaning 2024-yil 15-martdagi qarori bilan ushbu turdagi kompensatsiyaning yangi miqdori belgilandi.

Unga ko‘ra, benzin uchun kompensatsiya miqdori 2024-yil I chorakdan boshlab 124 780 so‘mni tashkil qiladi. Qayd etish joizki, benzin uchun kompensatsiya miqdori 2023-yil II choragida 55 foizga oshirilib, 116 180 so‘mni tashkil qilgan edi. III choragida esa ushbu miqdor 119 640 so‘mga, IV chorakdan boshlab 120 660 so‘mga oshirilgan.

Benzin uchun kompensatsiya to‘lovlari «O‘zbekneftgaz» AJ tomonidan moliyalashtiriladi.

Ma’lumot o‘rnida, urush qatnashchilari va ularga tenglashtirilgan shaxslar, urush faxriylari va ularga tenglashtirilgan shaxslar, mehnatda mayib bo‘lish va kasb kasalligi tufayli I va II guruh nogironlar, I va II guruh bolalikdan nogironlar oylik pul kompensatsiyasi olish huquqiga egadir.

Eslatib o‘tamiz, kompensatsiya olish huquqiga ega bo‘lgan shaxslar yashash joyi bo‘yicha pensiya va nafaqalar tayinlanadigan organlarga murojaat qiladi.

 

N. Ziyodullayeva tayyorladi, O‘zA