Qirg‘izistonning Bishkek shahrida taekvondo WT bo‘yicha kar va zaif eshituvchi sportchilar o‘rtasida o‘tkazilgan jahon chempionatida O‘zbekiston terma jamoasi a’zolari 4 tadan oltin va bronza medalini qo‘lga kiritdi.

Chempionatda barcha raqiblari ustidan zafar quchgan Hojiakbar Hakimov, Shohruz Abdurahmonov, Muhammad Usmonov va Dilbar Tojiboyeva o‘z vazn toifalarida shohsupaning eng yuqori pog‘onasidan joy olib, jahon chempioniga aylandi. Shuningdek, Anvar Xolboyev, Hojiakbar Saidmurodov, Asal Hayitboyeva hamda Shahrizoda Nuriddinova terma jamoamiz hisobiga bronza medal keltirdi.

Shuni ta’kidlab o‘tish kerakki, jami 8 medalga sazovor bo‘lgan terma jamoamiz umumjamoa hisobida jahon chempionatining ikkinchi o‘rinidan joy oldi.

 

Javohir Toshxo‘jayev, O‘zA