Turkiyaning Antaliya shahrida mukofot jamg‘armasi 154 ming yevrodan iborat “Katta Dubulg‘a” turniri poyoniga yetdi.

19 nafar dzyudochi bilan mazkur turnirda ishtirok etgan O‘zbekiston terma jamoasi yakunda bitta bronza medali bilan kifoyalandi.

-73 kilogrammda yurtimiz sharafini himoya qilgan Shahram Ahadov Parij-2024 Olimpiadasining reyting ochkosi bilan birga bronza medalini qo‘lga kiritdi.

Yarim final ostonasigacha yetib borgan terma jamoamiz a’zolaridan Sita Qadamboyeva, Davlat Bobonov va Shohruhxon Baxtiyorov 5-o‘rinni, Dilshodbek Baratov 7-o‘rinni  egalladi.

Uch kunlik bahslar sarhisobiga ko‘ra, Yaponiya terma jamoasi 5 ta oltin, 1 ta kumush, 2 ta bronza medali bilan umum jamoada 1-o‘rinni,  3 ta oltin, 1 ta kumush, 2 ta bronza medalini qo‘lga kiritgan Fransiya vakillari keyingi pog‘onani, 1 ta oltin va 2 ta bronza medaliga egalik qilgan kanadaliklar 3-o‘rinni band etgan bo‘lsa, O‘zbekiston terma jamoasi 93 davlat orasida 18-o‘rindan joy oldi.

Endi dunyo dzyudosining yetakchilari joriy yilning 3-5-may kunlari Tojikiston poytaxti Dushanbeda o‘tkaziladigan nufuzli turnirda Parij-2024 Olimpiadasi reyting ochkolari qatorida sovrinli o‘rinlar uchun kurash olib borishadi.

 

T. Ro‘ziyev, O‘zA