2024-yil 1-iyundan Dubayda bir marta ishlatiladigan yelim yoki qog‘oz xaltadan foydalanishga to‘liq taqiq kuchga kiradi. Ayni payt supermarketlar 25 filon to‘layotgan bunday to‘rvalar uch oy ichida butunlay muomaladan chiqariladi. Bu haqda “AzerTAJ” xabar bergan.

Do‘kon mijozga tekinga muqobil yo‘l taqdim etishi shart emas. Mijozga ko‘p marta ishlatiladigan xarid paketi olib kelish tavsiya etiladi. Taqiq mikro yelim chiqindi qoldiradigan, biologik parchalanadigan xaltachalarga ham taalluqli.

Yangi qoida non, sabzavot, go‘sht, baliq va tovuq go‘shti, axlat qutisi, kir yuvish qopini, shuningdek elektron qurilma va onlayn xarid qilinadigan mahsulotni qadoqlashda qo‘llanmaydi.

Bir marta ishlatiladigan qopchadan foydalanganlar 200 dirham to‘laydi, qoida takroran buzilganda jarima miqdori ikki barobar ortadi.

Xaridorlar tartibga amal qilmaydiganlar haqida Dubay iqtisodiyot va turizm departamentiga xabar berishga chaqirildi.

2025-yil 1-yanvardan kokteyl tayoqchasi, stakan va hatto, yelim paxta tayoqchaga ham taqiq kiritiladi. 2026-yil 1-yanvardan oziq-ovqat va ichimlik uchun yelim idish va qopqoq sotish, shunday buyumlardan foydalanish taqiqlanadi. Ayni chora qayta ishlangan materialdan tayyorlangan qopcha, shuningdek eksport tovarini qadoqlashga mo‘ljallangan polietilenga nisbatan qo‘llanmaydi.

G.Sattorova,

O‘zA