Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikeri o‘rinbosari Aktam Hayitov boshchiligidagi ishchi guruh a’zolari Qoraqalpog‘iston Respublikasida bo‘lib, aholi tomorqalaridan unumli foydalanish, bandlikni ta’minlash, daromadlarni oshirish, mahsulot yetishtirish hajmlarini ko‘paytirish, makroiqtisodiy barqarorlik va iqtisodiy rivojlanishni ta’minlash bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar bilan tanishmoqda.
Jumladan, ishchi guruh Beruniy tumanida bo‘lib, mamlakatimiz Prezidenti raisligida o‘tkazilgan yig‘ilishlarda investitsiya va eksport hajmini oshirish, sanoat, qurilish, transport, ekologiya hamda ijtimoiy sohalarda 2024-yilda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ustuvor vazifalar ijrosi bilan qiziqdi.
Xususan, Prezidentimizning tegishli qarori bilan tasdiqlangan reja asosida tumandagi U.Jumaniyozov mahalla fuqarolar yig‘ini hududida 2022-yilda qaytadan tashkil etilgan oilaviy shifokorlik punktining avariya holatida bo‘lgan eski binosi o‘rnida namunaviy loyiha asosida 2 qavatli yangi bino qurilishi boshlangan. Ushbu bino qurilishi uchun davlat byudjetidan 3,5 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan bo‘lib, 6 oy ichida bitkazish rejalashtirilgan. Shuningdek, tumandagi “Guliston” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida joylashgan 49-sonli umumta’lim maktabi loyihasi “Tashabbusli byudjet”da g‘olib bo‘lib, 1 milliard 78 million so‘m yutib olgan. Ushbu mablag‘ hisobidan maktab hududi chegarasini metall konstruktorlik to‘siq bilan o‘rash, sport maydonchasi qurish ishlari olib borilmoqda.
Har qanday islohotning amaldagi ijrosi aholining hayot farovonligini ta’minlash, yashash qulayligini oshirishga qaratilgan. Jahon banki kredit mablag‘lari hamda byudjet mablag‘i hisobiga foydalanishga topshirilgan “Bo‘ston” kanali Beruniy, Ellikqal’a va To‘rtko‘l tumanlari aholisini suv bilan ta’minlashga xizmat qiladi. Mamlakatimizda “yashil energetika”ni qo‘llab-quvvatlash bo‘yicha yaratilgan imkoniyatlardan foydalangan tadbirkor R.Kazakov tomonidan “To‘qimachilik” mahalla fuqarolar yig‘ini hududida 11 milliard so‘mlik loyiha asosida quyosh panellarini o‘rnatish ishlari amalga oshirilmoqda.
Beruniy tumani hokimligida mutasaddilar ishtirokida muammo va takliflar muhokama qilindi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri