O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev 29-mart kuni huquqni muhofaza qiluvchi organlar va kuch tuzilmalari rahbarlari ishtirokida jamoat xavfsizligini ta’minlash masalalari yuzasidan yig‘ilish o‘tkazdi.

Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiya rahbariyatining savdo va xizmat ko‘rsatish sohasi yirik obyektlarida, shu jumladan savdo-ko‘ngilochar majmualar, bog‘lar, bozorlar va boshqa fuqarolar gavjum bo‘ladigan joylarda jamoat tartibini saqlash ishlarining tashkil etilishi to‘g‘risidagi hisobotlari tinglandi.

Jamoat xavfsizligiga yangi tahdid va xatarlar tobora ortib borayotgan bugungi sharoitda jamoat tartibini saqlash va fuqarolar xavfsizligini ta’minlashda huquqni muhofaza qilish idoralari va tadbirkorlik subyektlari o‘rtasidagi hamkorlikni kuchaytirish zarurligi ta’kidlandi. Shu bilan birga, jamoat xavfsizligini ta’minlash bilan bog‘liq chora-tadbirlarni amalga oshirish jarayonida tadbirkorlik subyektlari va fuqarolarning huquqlari va qonuniy manfaatlarini so‘zsiz ta’minlash muhimligi qayd etildi.

Davlatimiz rahbari huquqni muhofaza qiluvchi organlar, fuqarolik jamiyati institutlari va tadbirkorlik subyektlarining bu borada to‘laqonli hamkorlik qilishlarini ta’minlashga qaratilgan normativ-huquqiy hujjat loyihasini ishlab chiqishga topshiriq berdi.

Ichki ishlar vazirligi va Milliy gvardiya rahbariyati oldiga jamoat tartibini saqlash bo‘yicha olib borilayotgan ishlarni yanada kuchaytirish, aholi gavjum bo‘ladigan joylarda sodir etilishi mumkin bo‘lgan terrorchilik harakatlari va boshqa favqulodda vaziyatlarning oldini olishga qaratilgan ta’sirchan choralarni ko‘rish vazifasi qo‘yildi.