Milliy olimpiya qo‘mitasida O‘zbekiston regbi federatsiyasining navbatdagi hisobot-saylov konferensiyasi bo‘lib o‘tdi.

O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari, O‘zbekiston regbi federatsiyasi raisi Sodiq Safoyev, O‘zbekiston sport faxriylari kengashi raisi Bahodir Maxsitov, Sport o‘yinlari bo‘yicha Respublika oliy sport mahorati maktabi direktori Jasur Akramov, federatsiyaning Ijroiya qo‘mitasi, viloyatlardagi vakillari, murabbiylar shtabi va sportchilar ishtirok etgan konferensiyada federatsiyaning o‘tgan davrdagi faoliyati ko‘rib chiqilib, rahbariyat tarkibi shakllantirildi.

2019-2023-yillar davomida amalga oshirilgan ishlar yuzasidan hisobot tinglandi. To‘rt yil mobaynida erishilgan yutuqlar, yo‘l qo‘yilgan kamchiliklar ko‘rib chiqildi.

Ijroiya qo‘mitasi a’zolarining ovoz berishi natijasida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati Raisining birinchi o‘rinbosari Sodiq Safoyev O‘zbekiston regbi federatsiyasining raisi etib saylandi.

Shuningdek, O‘zbekiston Respublikasi mudofaa vazirining o‘rinbosari Alisher Norboyev federatsiya raisining birinchi o‘rinbosari, MOQ Bosh kotibi Oybek Qosimov hamda Respublika tovar-xom ashyo birjasi boshqaruv raisi Ziyovuddin Badriddinov federatsiya raisi o‘rinbosari lavozimlariga saylandi.

Tadbirda federatsiya ijroiya qo‘mitasi, taftish hay’ati va tartib-intizom qo‘mitasi tarkibi ham shakllantirib olindi.

Hisobot-saylov yig‘ilishi yakunida mahoratli sportchilarni tayyorlash, regbi bo‘yicha mamlakat terma jamoalariga zarur shart-sharoitlarni yaratish, moddiy-texnik bazani mustahkamlash, xalqaro hamkorlikni rivojlantirish borasidagi ishlar tahlil qilindi.

 

T.Ro‘ziyev,  

O‘zA