Ijtimoiy tarmoqlarda OTMlar rektori va filiallar direktoriga yuborilgan xatda ma’lumotlarni kirill yozuvida kiritish so‘ralgani haqidagi xabarlar tarqaldi.

Qayd etilishicha, mazkur holat Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi mas’ullari ishtirokida tahlil qilinib, hujjatlarni ishlab chiqish va ish yuritish bo‘yicha kelgusida bu kabi holatlarga qayta yo‘l qo‘ymaslik va uning oldini olish bo‘yicha aniq vazifalar belgilandi.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan xatda keltirilgan holat yuzasidan xat ijrochisi bilan tushuntirish ishlari olib borilib, zarur tavsiyalar berildi. Tizim xodimlari uchun davlat tilida ish yuritish asoslari bo‘yicha seminarlar o‘tkazilishi rejalashtirildi.

Ta’kidlash lozimki, bugungi kunda Oliy ta’lim, fan va innovatsiyalar vazirligi, tizim tashkilotlari va oliy ta’lim muassasalarida ish yuritish to‘liq davlat tilida, ya’ni lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida olib borilmoqda. Tashqi yozuvlar, ko‘rsatkichlar, turli axborot-ma’lumot va tanishtiruv vositalari ham lotin yozuvida bo‘lishi ta’minlangan.

Vazirlik va tizim tashkilotlari xodimlarining Toshkent davlat o‘zbek tili va adabiyoti universiteti huzuridagi Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazida muttasil ravishda malaka oshirishlari tashkil qilingan.

 

Muhayyo Toshqorayeva,  

O‘zA