O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida yurtimizdagi mahallalarda istiqomat qilayotgan ijodkor ayollar o‘rtasida o‘tkazilgan “Nazm gulshani” va “Qalam sehri” nomli she’rlar, hikoya va qissalar ijodiy tanlovi g‘oliblarini taqdirlashga bag‘ishlangan tadbir bo‘lib o‘tdi.
Yozuvchilar uyushmasi raisining o‘rinbosari G‘ayrat Majid ayollar, shu jumladan ijodkor xotin-qizlarni rag‘batlantirishga katta e’tibor qaratilayotganini ta’kidladi.
Yozuvchilar uyushmasi tomonidan o‘tkazilgan tanlovga ijodiy ishlar shu yilning 15-martidan 25-martigacha qabul qilindi. Unda barcha viloyatlar va Qoraqalpog‘istondan ijodkor ayollar ishtirok etdi.
–Tanlov jarayoni juda qizg‘in kechdi, – dedi shoira Farog‘at Xudoyqulova. – Unga 2022-2024-yillarda kitob, gazeta, jurnallarda chop etilgan va elektron shakldagi 40 nafar muallifning 70 dan ortiq ijodiy ishlari qabul qilindi va har biri hakamlar hay’ati tomonidan saralab olindi.
Hay’at a’zolari ishtirokchilarning ijod namunalarida Vatanga sadoqat tuyg‘usini uyg‘otadigan asarlar bilan birga, milliy qadriyatlarimizni asrashda hissa qo‘shayotgan opa-singillarimiz faoliyati, yurtparvarlik, insoniylik mavzularida yozgan she’rlari, hikoya va qissalariga xolisona baho berdi.
Ijodkorlar – Qutlibeka Rahimboyeva, Rustam Musurmon, Farog‘at Xudoyqulova g‘oliblarni qutlab, bu kabi tanlov, rag‘batlarning ijodiy muhitda o‘rni katta ekanini ta’kidladi.
Birinchi o‘ringa Oygul Suyundikova – respublika matbuotida chop etilgan she’rlari uchun, (Toshkent viloyati) munosib topildi. Ikkinchi o‘rin Nilufar Umarovaga “Havorang nasimlar” she’riy to‘plami uchun (Qashqadaryo viloyati), uchinchi o‘rin Oralxan Saparovaga (Qoraqalpog‘iston Respublikasi) “Taqdir so‘qmoqlari”, “Qaydasan, Chinara?” qissalar to‘plami uchun berildi.
Shuningdek, Kimyoxon Rasulova (Namangan), Musharraf Xo‘jabekova (Samarqand), Muqaddas Abdusamatova (Toshkent), Manzura Valiyeva (Toshkent), Umida G‘afforova (Toshkent), Dilafro‘z Choriyeva (Toshkent), Zuhra Isakova (Qoraqalpog‘iston Respublikasi) matbuotda e’lon qilingan turkum ijod namunalari uchun rag‘batlantiruvchi mukofotga loyiq topildi.
Tadbirda sovrindorlarga Yozuvchilar uyushmasining diplom va sovg‘alari topshirildi. Ijodkor ayollarning she’rlari tinglandi.
N.Usmonova,
O‘zA