O‘zbekistonning Qatar Davlatidagi Favqulodda va muxtor elchisi Ashraf Xodjayev ushbu mamlakat ichki ishlar vaziri Abdulaziz bin Faysal bin Muhammad Ol Soniy bilan uchrashuv o‘tkazdi.

Mezbon mulozim ikki davlat rahbarlari o‘rtasida o‘rnatilgan yaqin do‘stlik o‘zaro munosabatni mustahkamlashda muhim omil bo‘layotganini ta’kidlarkan, Qatar tomoni O‘zbekistonning huquq-tartibot idoralari bilan hamkorlikni bundan keyin ham mustahkamlashga tayyorligini ma’lum qildi.

Tashrif doirasida 2023-yil 2-oktyabr kuni Dohada Ichki ishlar vazirliklari o‘rtasida imzolangan o‘zaro anglashuv memorandumi ijrosini ta’minlash muhimligi qayd etildi.

Abdulaziz bin Faysal bin Muhammad Ol Soniy, shuningdek, O‘zbekiston tomonini joriy yil oktyabr oyida ushbu arab mamlakati poytaxtida bo‘lib o‘tadigan milliy xavfsizlik bo‘yicha “Milipol Qatar” ko‘rgazmasiga taklif qildi.

Mazkur tadbir o‘zaro sheriklikning istiqbolli yo‘nalishlarini muhokama qilish uchun muhim maydon bo‘lib xizmat qilishi kutilmoqda.

Aziza Alimova, O‘zA