Italiyaning Rovereto shahrida istiqomat qilgan zodagon ayol merosxo‘rlariga bir chaqa ham qoldirmadi. U besh million yevrolik boyligini merosga da’vogarlik qilgan o‘n nafar qarindoshiga emas, balki xizmatkorining nomiga o‘tkazib berdi.
Mahalliy “L’Adige” gazetasi yozishicha, taniqli xonadon vakili Mariya Mafatti o‘tgan yil noyabr oyida 80 yoshida vafot etdi. Turmush qurmagani bois, ayolning to‘g‘ridan to‘g‘ri merosxo‘ri yo‘q. Marhumaning besh million yevroga baholangan shahardagi uyi, tarixiy qasri va bankdagi mablag‘i jiyanlariga qolishi mumkin edi. Endi ma’lum bo‘lishicha, Mafatti bor-yo‘g‘ini umrining so‘nggi yillarida uni parvarishlagan xizmatkorga vasiyat qilib qoldirgan ekan.
Vasiyatnoma mazmuni e’lon qilingach, qarindoshlar advokatga murojaat qilib, prokuraturaga ariza berdi. Ularning fikricha, xizmatkor ayolning keksalagidan foydalanib, hujjatni o‘z foydasiga to‘g‘rilab olgan. Prokuratura esa ishni muzlatib qo‘ygani aytilmoqda.