Teleboshlovchilarning generatsiya qilingan obrazlari Janubiy Koreyadagi ko‘pgina davlat kanallarida ishlatila boshlandi. Bu haqda “The Straits Times” nashri xabar bermoqda.

Shuningdek, yaqinda Cheju provinsiyasi ma’muriyatining “YouTube” kanalida ham virtual boshlovchilar faoliyati yo‘lga qo‘yildi.

Kompyuterda yaratilgan ayol boshlovchi oroldagi mahalliy yangiliklar va xalqaro xabarlar bilan tanishtiradi, sun’iy intellekt orqali tayyorlangan matnlarni o‘qiydi. Orol provinsiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur dastur xususiy pudratchi kompaniya tomonidan ishlab chiqilgan.

-Yangiliklar boshlovchilarini ishga olish biroz xarajatlarni talab qiladi, shuning uchun biz buning alternativ yo‘lini topdik, -dedi Cheju rasmiysi.

Viloyatning rasmiy “YouTube” kanali va veb-saytida yaqinda efirga uzatilgan “Haftalik Cheju” ko‘rsatuvida ko‘k ko‘ylak kiygan AI teleboshlovchi ayol yangiliklarni o‘qiyotib, goh oldinga va orqaga tebranib, tabiiyroq ko‘rinishga urinib ko‘rdi.

Bu Koreyada AI yangiliklar boshlovchisining ommaga tanishtirilishining birinchi misoli emas.

2020-yil 6-noyabrda “MBN” sun’iy intellekt yangiliklar boshlovchisini taqdim etgan birinchi mahalliy teleradiokompaniya bo‘lgan edi. O‘shandan beri mazkur teleradiokompaniya AI versiyasini o‘z ichiga olgan kundalik dasturlarni efirga uzatib keladi.

Bundan tashqari, o‘tgan yilning boshida “CBC” teleradiokompaniyasi o‘zining “Morning wide”deb nomlangan dolzarb voqealar haqidagi dasturida sun’iy intellekt teleboshlovchisi “Zaye”ni ishga tushirgan edi.