O‘zbekiston Respublikasi Sog‘liqni saqlash vazirligi xodimlaridan iborat delegatsiya a’zolari Turkiya Respublikasining Istanbul shahrida bo‘lib o‘tgan «Yirik bo‘g‘imlar endoprotezlashning dolzarb muammolari» mavzuidagi xalqaro anjuman va mahorat darslarida ishtirok etdi.

Ushbu anjuman ilk marotaba tashkil etilgan bo‘lib, unda xorijiy mamlakatlardan 103 nafar yetakchi mutaxassis qatnashdi.

– Anjumanda chanoq-son bo‘g‘imini endoprotezlashning dolzarb muammolari yuzasidan ma’ruza bilan ishtirok etdim, – deydi Respublika ixtisoslashtirilgan travmatologiya va ortopediya ilmiy-amaliy tibbiyot markazi direktori, professor Murodjon Irismetov. –Chanoq-con bo‘g‘imi endoprotezlash amaliyotlarida uchraydigan murakkab holatlar va ularning yechimlari bo‘yicha bildirgan takliflarim xorijlik mutaxassislarda qiziqish uyg‘otdi. Sessiya so‘ngida bu bo‘yicha qizg‘in munozaralar qilindi.

Yurtimiz travmatolog-ortopedlari sohada dunyoning yetakchi mamlakatlari tajribalari bilan muntazam tanishib bormoqda. O‘z navbatida, zamonaviy jarrohlik usullarining barchasi yurtimizda amalga oshirilmoqda.

Gulnoza Boboyeva, O‘zA