Bugun Xiva shahrida MDHga a’zo davlatlar chegara idoralari rahbarlarining 8-mintaqaviy yig‘ilishi bo‘lib o‘tdi.

Tadbirda Belarus, Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Turkmaniston, Rossiya Federatsiyasi,  Tojikiston va O‘zbekiston respublikalarining chegara idoralari vakillari, Chegara qo‘shinlari Qo‘mondonlari Kengashining Muvofiqlashtiruvchi Xizmati xodimlari, shuningdek taklif etilganlar sifatida MDH ga  a’zo davlatlarning Terrorizmga qarshi kurash markazi va SHHT Mintaqaviy aksilterror tuzilmasi Ijroiya qo‘mitasi delegatsiyalari ishtirok etdi.

Uchrashuvda Markaziy Osiyo mintaqasidagi zamonaviy geosiyosiy omillar va tahdidlarning MDHga  a’zo davlatlari tashqi chegaralari xavfsizligiga ta’siri ko‘rib chiqildi va ularga qarshi hamkorlikda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan chora-tadbirlar belgilab olindi.

Delegatsiyalar rahbarlarining ta’kidlashicha, MDHga a’zo davlatlar Chegara qo‘shinlari Qo‘mondonlari Kengashi chegara xavfsizligini ta’minlash borasidagi dolzarb masalalarga yagona, umumiy yondashuvni ishlab chiqish va amalga oshirish borasida davlatlararo samarali platforma (maydon) vazifasini o‘tab kelmoqda. Shuningdek, tadbirda o‘zaro anglashuv, ishonch va yaxshi qo‘shnichilik asosidagi chegara hamkorligini yanada rivojlantirish va mustahkamlash zarurligiga alohida urg‘u berildi.

O‘zA