Samarqand davlat veterinariya meditsinasi, chorvachilik va biotexnologiyalar universiteti Nukus filialida “Olam nurga to‘lsin sen bilan, Navro‘z” shiori ostida bayram tadbiri tashkil etildi.

Tadbirda filial direktori A.Yesimbetov, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi Raisi o‘rinbosari B.Otemuratov so‘zga chiqib, barchani bayram bilan samimiy muborakbod etdi.

Ta’kidlanganidek, xalqimizning beg‘ubor orzu-umidlari, ezgu istaklari, his-tuyg‘ularini tarannum etadigan ushbu ulug‘ ayyomni har yili munosib tarzda nishonlash an’anaga aylanmoqda. Navro‘z yoshlarni do‘stlikka, insoniylikka, mehr-muruvvatli bo‘lishga chorlaydigan bayram hisoblanadi. Tadbir filialning iqtidorli yoshlari tomonidan tayyorlangan qiziqarli konsert dasturi bilan davom etdi.

Urf-odat va an’analarimiz aks etgan chiqishlar, milliy liboslar ko‘rgazmasi, baxshi va jirovlar tomonidan ijro etilgan kuy-qo‘shiqlar barchaga birdek xush kayfiyat bag‘ishladi. Ishtirokchilar milliy taomlar ko‘rgazmasini tomosha qildi.

Shuningdek, talaba-yoshlar o‘rtasida milliy o‘yinlar bo‘yicha musobaqa o‘tkazildi.

Ayniqsa, o‘zbek, qozoq va qoraqalpoq xalqlarining urf-odatlari asosida “Kelin salom”ning jonli ijroda namoyish etilishi yig‘ilganlarning olqishiga sazovor bo‘ldi.

 

Dovud Abibullayev,

O‘zA muxbiri