Jizzax viloyatining Sharof Rashidov tumani hududida joylashgan “ADM Jizzax” yengil avtomobillar ishlab chiqarishga ixtisoslashgan zavodning yangi binosi foydalanishga topshirilib, “Kia Sonet” avtomobilini ishlab chiqarishga start berildi.

Shu munosabat bilan tashkil etilgan tantanali marosimda Jizzax viloyati hokimi Ergash Saliyev so‘zga chiqib, davlatimiz rahbarining tashabbusi bilan viloyat ulkan avtomobilsozlik hududiga aylangani, 2022-yilda viloyatda sanoat ishlab chiqarish 11 trillion 700 milliard so‘mni tashkil etgan bo‘lsa, 2023-yilda 19 trillion so‘mga yetgani, 1-yilda bu ko‘rsatgich 1,7 barobarga ortganini ta’kidladi.

Darhaqiqat, Prezidentimizning e’tibori va qabul qilgan bir qator qarorlariga muvofiq Jizzaxda mashinasozlik sohasi jadal rivojlanmoqda. Xorijiy investitsiyalarni jalb etish orqali sohani rivojlantirishga qaratilgan e’tibor tufayli keyingi yillarda viloyatda mashinasozlik sohasida keng ko‘lamli amaliy ishlar olib borilmoqda.

“ADM Jizzax”korxonasida bugungi kunga kelib “KIA”, “Chery” brendlari ostida yengil avtomobillar ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yildi.Loyihani amalga oshirishda 226 million AQSH dollari miqdoridagi mablag‘lar o‘zlashtirilib, ayni paytda korxonada 1 ming 300 nafar yangi ish o‘rni yaratildi. Zavodda yiliga 100 ming dona yengil avtomobil ishlab chiqarish quvvati mavjud bo‘lib, kelgusida ish o‘rinlari soni 3 ming nafarga yetkazilishi ko‘zda tutilgan.

– Korxonamizda ishchi- xizmatchilarga qulaylik yaratish maqsadida 120 o‘rinli umumiy ovqatlanish oshxonasi tashkil etilgan. Oshxonada ishchilar bepul ovqatlanadi. Ular ishga kelib- ketishi uchun transport ajratilgan hamda ishchi-xizmatchilar maxsus kiyim-bosh bilan ta’minlangan, – deydi ushbu seksiya rahbari Boburjon Parpiyev. –Kelgusida ishchilarga qo‘shimcha shart-sharoitlarni yaratish maqsadida yotoqxona, yashash uylari, sport va bolalar maydonchasi qurilishini ham rejalashtirganmiz.

Zavod avtomobillarni yuqori texnologiyalarni jalb qilgan holda payvandlash, bo‘yoqlash va yig‘ish jarayonlarini qamrab oluvchi to‘liq ishlab chiqarish sikli asosida ishlamoqda. Korxona tomonidan ishlab chiqariladigan mahsulotlar sifatini yanada oshirish maqsadida Janubiy Koreya, Hindiston va Xitoy Xalq Respublikasidan malakali mutaxassislar jalb etilgan.

Bu borada xorijiy hamkorlar bilan joriy yildan boshlab dastlab 50 nafar muhandis Koreya va Xitoydagi tadqiqot va loyihalash markazlarida malaka oshirishga yuborilishi belgilangan, shu asosda jami 300 dan ortiq mutaxassis ana shunday kurslarda qatnashadi.

Bugun zavodda to‘liq texnologik sikldan foydalangan holda O‘zbekistonda ishlab chiqarilgan birinchi “Kia Sonet” modeli chiqarilib, bu yerda payvandlash va kuzovni bo‘yash ishlari ham amalga oshirilmoqda.

“ADM Jizzax” avtomobil zavodida ishlab chiqarilgan “Kia Sonet”ga 5-yilga yoki 150 ming kilometr yurishiga kafolat berilmoqda. Aniq narxlar va konfiguratsiyalar aprel oyida e’lon qilinadi.

Tadbirdan so‘ng viloyat hokimligida Ergash Saliyev Janubiy Koreya Respublikasidan  kelgan tadbirkorlar bilan uchrashuv  o‘tkazdi.

A.Qayumov (video,surat),  

O‘zA muxbiri