26-27-mart kunlari poytaxtimizda “Markaziy Osiyoda dinlararo va bir din ichidagi bag‘rikenglik masalalarini yoritishda ommaviy axborot vositalarining o‘rni” mavzusida xalqaro davra suhbati bo‘lib o‘tmoqda. Unda O‘zbekiston mediya sohasi vakillari bilan bir qatorda Qozog‘iston, Qirg‘iziston, Tojikistondan mutaxassislar ishtirok etishmoqda.

Qayd etilishicha, Markaziy Osiyo xalqlari qadimdan turli din va millat vakillari bilan yonma-yon, axil-inoq yashab kelishmoqda. Keyingi yillarda yaxshi qo‘shnichilik munosabatlari o‘rnatilgani sababli millatlararo do‘stlik aloqalari ham rivojlanib bormoqda. Yutuqlar bilan bir qatorda muammolar ham mavjud bo‘lib, ijtimoiy tarmoqlarning rivoji media oldiga ham yangi vazifalarni qo‘ymoqda.

O‘zbekiston Jurnalistlarini qayta tayyorlash markazining “Dinlararo va bir din ichidagi bag‘rikenglik masalalari” loyihasi doirasida tashkil etilgan davra suhbatida diniy bag‘rikenglik mavzularni yoritishda axloqiy jihatlar, qonunchilikdagi yangiliklar, mavzuni xalqqa yetkazishda o‘ziga xos yondoshuvlarga e’tibor qaratish lozimligiga to‘xtalib o‘tildi.

Loyihaning o‘quv komponenti 7 ta nuqtada – Namangan, Nukus, Buxoro, Toshkent, Urganch, Farg‘ona va Andijonda o‘tkazildi. Olti oy davomida mazkur hududlardagi jurnalistlar, blogerlar va fuqarolik jamiyati faollari uchun 7 ta ikki kunlik treninglar hamda shuncha muhokama dialoglari tashkil etildi.

Treninglar davomida mahalliy ommaviy axborot vositalari jurnalistlari, blogerlar va fuqarolik faollari bag‘rikenglik muammosi, ko‘p konfessiyali O‘zbekistonda dinlararo bag‘rikenglikning ahamiyati va muammolari bo‘yicha o‘z bilim va xabardorligini oshirishga muvaffaq bo‘ldi. Mashg‘ulotlar davomida turli ommaviy axborot vositalarida ushbu mavzuni yoritishning axloqiy, huquqiy va ijodiy jihatlari bo‘yicha tushuntirishlar berildi.

Tadbirning qimmatli natijasi ishtirokchilar tomonidan mavzuni mahalliy misollar sifatida yoritish uchun yangi yondashuvlarni ishlab chiqish bo‘ldi.

Loyiha nihoyasiga yetmoqda, lekin jurnalistlar va blogerlarning ishi endigina boshlanmoqda. Oldinda dinlararo va bir din ichidagi bag‘rikenglik mavzusini malakali, ijodiy va qiziqarli rivojlantirish uchun ulkan imkoniyatlar mavjud.

M.Turdaliyeva, N. Abduvoitov (video), O‘zA