Kuni kecha Gamburg Cavdo palatasida “Sog‘liqni saqlash sanoati uchun malakali kadrlar: Markaziy Osiyoga e’tibor” forumi o‘tkazildi.  Tadbirda mamlakatimizning Germaniyadagi elchixonasi vakillari ham ishtirok etdi.

Palataning “Sharqiy Yevropa” ishchi guruhi rahbari Mirko Novak O‘zbekistonga sarmoya kiritish yoki yurtimizda biznes ochish istagini bildirayotganlar safi tobora kengayib borayotgani, mazkur iqtisodiy tadbir Germaniya uchun ham, Markaziy Osiyo davlatlari uchun ham muhim ahamiyat kasb etishini ta’kidladi.

Anjumanda “CCH – Care Consultants Hamburg” tashkiloti vakili Tomas Flotov va “Alfa Personnel Care” agentligi direktori Torsten Mayer Gamburg federal o‘lkasi sog‘liqni saqlash tizimidagi ehtiyoj, hududga xorijiy malakali kadrlar integratsiyalashuvi xususida ma’ruza qildi. Nemis mutaxassislari o‘zbekistonlik tibbiy xodimlar malakasi Germaniyada ham tan olinayotgani, mutaxassislarimiz kasbiy bilimdan tashqari nemis tilini ham puxta o‘rgangani, turli sinov dasturlaridan muvaffaqiyatli o‘tayotganini e’tirof etdi. Bugungi kunda diyorimizdan borgan o‘nlab tajribali tibbiyot xodimlari mamlakatda samarali faoliyat yuritayotgani qayd etildi.

O‘zbekiston, Tojikiston va Qirg‘iziston elchilari esa malakali kadrlarini olmon yurtiga jalb qilish imkoniyati xususida so‘z yuritishdi.

Davlatimizning Germaniyadagi Favqulodda va muxtor elchisi Dilshod Ahatov, fursatdan foydalanib, mamlakatimizda amalga oshirilayotgan islohotlarga ham to‘xtaldi.

– O‘zbekiston hukumati tashabbusi bilan keyingi yillarda tashqi mehnat migratsiyasi bilan bog‘liq holat keskin ijobiy tomonga o‘zgardi, – dedi diplomat. – Endilikda xorijda ishlash istagidagi fuqarolarimizga ko‘plab imkoniyat, imtiyozlar yaratilganmoqda. Izchil islohotlar tufayli Germaniyaga ishlash uchun kelayotgan tibbiy xodimlarni dastlab nemis tiliga o‘qitish, kasbiy malakasini tasdiqlovchi xalqaro sertifikat bilan ta’minlash, moliyaviy va ijtimoiy qo‘llab-quvvatlash, hayoti va sog‘lig‘ini sug‘urtalash, xorijdan qaytib kelgandan keyin ularning bandligini ta’minlash masalalari ham davlat tomonidan alohida e’tibor va nazoratga olingan.

Gamburg Savdo palatasi boshqaruvchi direktori Anna Maria Haydenrayx moderatorligida ochiq muloqot tarzida o‘tkazilgan “davra suhbati” qizg‘in munozaraga boy kechdi. Tomonlar sohaga tegishli masalalar yuzasidan batafsil ma’lumot almashdilar.

N.Ziyodullayeva tayyorladi.

O‘zA