Toshkentda «Nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga joylashtirishning huquqiy asoslari: O‘zbekiston tajribasi» mavzusida davra suhbati o‘tkazildi.

Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi tomonidan O‘zbekiston nogironlar uyushmasi va Qirg‘izistonning «Birdamlik» markazi bilan hamkorlikda tashkil etilgan tadbirda tegishli tashkilotlar vakillari, xorijiy ekspertlar ishtirok etdi.

Oliy Majlis Qonunchilik palatasi Spikerining birinchi o‘rinbosari, Inson huquqlari bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Milliy markazi direktori Akmal Saidov nogironligi bo‘lgan insonlar jamiyatning teng huquqli a’zolari ekaniga e’tibor qaratdi.

Mamlakatimizda ushbu prinsipga qat’iy amal qilish borasida izchil va tizimli ishlar olib borilmoqda. Bunda Yangi O‘zbekistonda «Inson qadri va sha’ni uchun» prinsipi asosida inklyuziv taraqqiyotni, ya’ni aholining barcha qatlamlari uchun teng huquq va imkoniyatlarni ta’minlashga qaratilgan keng qamrovli islohotlar amalga oshirilmoqda.

Nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini ta’minlash yo‘lida bir qator huquqiy va tashkiliy chora-tadbirlar amalga oshirildi. Xususan, yangi tahrirdagi Konstitutsiyada birinchi marta nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlariga oid normalar alohida moddada belgilandi.

«Nogironligi bo‘lgan shaxslarning huquqlari to‘g‘risida»gi qonun qabul qilindi. O‘zbekiston BMTning Nogironlar huquqlari to‘g‘risidagi konvensiyasiga qo‘shildi. Shu tariqa ayni yo‘nalishda mustahkam huquqiy baza yaratildi.

Yanada muhimi, bugungi kunda izchillik bilan bajarilayotgan «O‘zbekiston – 2030» strategiyasida nogironligi bo‘lgan shaxslarni qo‘llab-quvvatlashning mutlaqo yangi tizimini yaratish istiqbollari ochib berilgan. Strategiya nogironligi bo‘lgan shaxslar uchun munosib turmush sharoitlarini yaratish va ularning mamlakatimiz ijtimoiy hayotida faol ishtirokini ta’minlashga qaratilgan ko‘plab tadbirlar va tashabbuslarni o‘zida qamraydi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslar huquqlarini ta’minlashga oid tashkiliy chora-tadbirlar haqida fikr yuritganda, bu sohadagi milliy institutsional tuzilma tubdan isloh etilganini ta’kidlash lozim. Xususan, Vazirlar Mahkamasi huzurida Tibbiy-ijtimoiy xizmatlarni rivojlantirish agentligi, Nogironligi bo‘lgan shaxslar ishlari bo‘yicha idoralararo kengash tashkil etildi.

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti huzurida Ijtimoiy himoya bo‘yicha milliy agentlik tuzilgani ushbu yo‘nalishdagi yana bir muhim qadam bo‘ldi.

Davra suhbatida milliy va xorijiy ekspertlarning ma’ruzalari tinglandi. Tadbir yakunida nogironligi bo‘lgan shaxslarni ishga joylashtirish muammosining turli qirralari ochib berilgan bir nechta yangi nashr taqdimoti o‘tkazildi.

Ma’lumot uchun: O‘zbekistonda 790 mingdan ortiq nogironligi bo‘lgan shaxs rasman ro‘yxatga olingan bo‘lib, ularning salkam 62 foizi qishloq joylarda yashaydi va taxminan 45 foizini xotin-qizlar tashkil etadi.

Nogironligi bo‘lgan shaxslarning qariyb 123,9 ming nafari – 16 yoshgacha bo‘lgan bolalar, 666,3 ming nafardan ortig‘i – 16 yoshdan oshgan yoshlar, 201,7 ming nafardan ziyodi – pensiya yoshidagi keksalardan iborat.

Hozirgi kunda mamlakatimizda 300 mingdan ortiq nogironligi bo‘lgan inson mehnatga layoqatlidir. Ularning 100 mingdan ko‘proq qismi doimiy ish o‘rinlari bilan ta’minlangan.

N.Abduraimova, O‘zA