Xalqimizning asriy an’ana va qadriyatlarini o‘zida mujassam etgan Navro‘z shodiyonalari yurtimiz uzra davom etmoqda.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudi va Qoraqalpog‘iston Respublikasi ma’muriy sudi hamkorlikda o‘tkazilgan bayram tadbiri sud xodimlari uchun arzonlashtirilgan qishloq xo‘jaligi va oziq-ovqat mahsulotlarining savdo yarmarkasi bilan boshlandi.
Bayram shodiyonalarida Qoraqalpog‘iston Respublikasi sudlari raislari va faxriylar so‘z olib, barcha yig‘ilganlarni yasharish va yangilanish ayyomi bilan samimiy muborakbod etdi. Yurtimizga tinchlik-osoyishtalik, xonadonlarga baxt va saodat tilab, har kunimiz Navro‘z bo‘lsin, deya ezgu niyatlar bildirildi.
Doshqozonlarda sumalak va Navro‘z taomlari tayyorlanib, barchaga tortiq qilindi. El suygan san’atkorlarning bayramona kuy-qo‘shiqlari tadbirga o‘zgacha fayz kiritdi.
Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri