Yuz yoshni qarshilagan otaxondan xabar olindi

Yurtimiz bo‘ylab Navro‘z shodiyonalari davom etayotgan shukuhli kunlarda nuroniylar holidan xabar olish azaldan kelayotgan milliy qadriyatlarimizdandir.

Ayniqsa, Ikkinchi jahon urushi qatnashchilari, Vatan himoyasi va el-yurt tinchligi yo‘lida halok bo‘lgan harbiy xizmatchilarning oila a’zolari, xizmat burchini bajarish chog‘ida nogiron bo‘lib qolgan harbiylar  hamisha davlatimiz e’tibori va g‘amxo‘rligida.

Qoraqalpog‘iston Respublikasi To‘rtko‘l tumani hokimi R.Shamuratov bu yil yuz yoshni qarshilagan Ikkinchi jahon urushi qatnashchisi Ivan Fedotovich Galenko holidan xabar olib, faxriy otaxonni Navro‘z ayyomi bilan tabrikladi.

Bayram munosabati bilan otaxon moddiy rag‘batlantirildi hamda dori-darmonlar olishi uchun unga maxsus sertifikat topshirildi.

Perinatal markazi foydalanishga topshirildi

Bayram shodiyonalari davom etayotgan ayni damlarda Beruniy tumanida tumanlararo Perinatal markazining ochilish marosimi bo‘lib o‘tdi.

So‘nggi yillarda davlatimiz rahbarining e’tibori va g‘amxo‘rligi bilan ijtimoiy va infratuzilma obyektlarida keng ko‘lamli ishlar amalga oshirilmoqda. Shu kabi ishlarning davomi sifatida Beruniy tumanida joriy yilda 86 obyektda 154,2 milliard so‘mlik qurilish ishlari amalga oshirilishi rejalashtirilgan. Qurilish ishlari doirasida Ellikqal’a, To‘rtko‘l va Beruniy tumanlari aholisiga xizmat qiluvchi tumanlararo Perinatal markazi binosida 7 milliard so‘mlik rekonstruksiya ishlari bajarildi. Markazda yuz nafarga yaqin tug‘ish yoshidagi ayolga, onalar va bolalarga barcha qulay sharoit yaratildi.

Tadbirda Qoraqalpog‘iston Respublikasi Jo‘qorg‘i Kengesi Raisi A.Orinbayev ishtirok etdi.

Aholi osoyishtaligi ta’minlanmoqda

Navro‘z umumxalq bayrami tadbirlari davomida jamoat tartibini hamda fuqarolar xavfsizligini ta’minlash maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Ichki ishlar vazirligi xodimlari tomonidan kuchaytirilgan tartibda xizmat olib borilmoqda.

O‘z kasbiga sadoqat bilan xizmat qilayotgan vazirlikning 102 ro‘yxatga olish markazi xodimlari tomonidan 24 soat davomida tinchlik va osoyishtalikni saqlash, har qanday jinoyat va qonunbuzarlikka qarshi kurashish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini himoya qilish borasida bir qator ijobiy ishlar amalga oshirilmoqda.

Tizimning faoliyati uchun eng so‘nggi innovatsion texnika va texnologiyalar joriy qilinib, bunda aloqa vositalaridan tortib, hududlarni nazorat qilish uchun maxsus kuzatuv kameralarigacha mana shu joyda nazoratga olinadi. Navbatchi operatorlar tomonidan aholi murojaatlari doimiy qabul qilinib, ularga o‘z vaqtida javob qaytariladi. Bu esa respublika hududida kriminogen vaziyatlarning barqarorligini ta’minlash, jinoyatchilik va huquqbuzarliklarning barvaqt oldini olishga xizmat qiladi.

Dovud Abibullayev, O‘zA muxbiri